Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lgan telefon suhbatida, Nikolas Maduroning o‘g‘irlab ketilishidan so‘ng Venesuelaning beqarorlikka tortilmasligi kerakligini aytdi.
Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng so‘zlagan Erdo‘g‘an, suverenitet huquqlarining buzilishi va xalqaro huquqning poymol etilishi global miqyosda jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfli qadamlar ekanini ta’kidladi.
“Turkiya xalqaro huquqni buzadigan hech qanday harakatni ma’qullamaydi”, — degan Erdo‘g‘an, Anqara ham Turkiya, ham do‘st Venesuela xalqi uchun eng to‘g‘ri yo‘lni tanlashga harakat qilayotganini bildirdi.
Prezident Erdo‘g‘an Turkiya va turk xalqi farovonlik, osoyishtalik va taraqqiyot yo‘lidagi kurashlarda do‘st Venesuela xalqining yonida bo‘lib kelayotganini ta’kidlab, “Janob Maduro va Venesuela xalqi xalqimizning do‘sti ekanini ko‘p bor isbotlagan,” dedi.
Erdo‘g‘an, shuningdek, qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni saqlab qolish muhimligini urg‘uladi.
Prezident Turkiya dunyoning barcha hududlarida adolat, qonuniylik va xalqaro huquqni himoya qiluvchi yetakchi davlatlardan biri ekanini qayd etdi.
AQSh shanba kuni erta tongda Maduroni va uning turmush o‘rtog‘ini harbiy baza hududidagi uylaridan olib chiqib, Nyu-Yorkda sud qilinishi uchun AQSh harbiy kemasiga mindirdi. AQSh Adliya vazirligi e’lon qilgan ayblov xulosasiga ko‘ra, Maduro va uning rafiqasi narkotik terrori bilan bog‘liq faoliyatlarda ishtirok etishda ayblanmoqda.
Maduro dushanba kuni Manxettendagi sudda ilk bor sudya qarshisiga chiqdi va AQSh tomonidan qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etdi.
Maduroning ekstraditsiyasi AQShning bir necha oy davomida Venesuela qirg‘oqlarida harbiy ishtirokini kuchaytirgani va giyohvand moddalar kontrabandasi bilan shug‘ullanganlikda gumon qilingan kemalarni portlatgani ortidan amalga oshirildi.
Tramp AQSh Venesuelani vaqtincha boshqarishini va mamlakatning ulkan neft zaxiralaridan boshqa davlatlarga sotish maqsadida foydalanishini aytmoqda.



























