Mahalliy va tibbiy manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil armiyasi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, G‘azo sektorining turli hududlaridagi tinch aholi va boshpana markazlarini nishonga olishda davom etdi.
Dayr al-Balah shahrida ko‘chirilgan aholi boshpana topgan Havla maktabiga uyushtirilgan artilleriya hujumida bir nafar bola halok bo‘ldi, ko‘plab odamlar yaralandi.
Al-Aqso shahidlari shifoxonasi manbalari Salahiddin ko‘chasida joylashgan maktab sinflaridan biriga artilleriya snaryadi kelib tushishi oqibatida uxlab yotgan bolalar va tinch aholi nishonga olinganini bildirdi.
G‘azo shahrining g‘arbidagi Aloqa chorrahasi yaqinida tinch aholi to‘plangan hududga Isroilga tegishli uchuvchisiz uchish apparati yordamida uyushtirilgan havo hujumida bir nafar falastinlik halok bo‘ldi, yana bir kishi og‘ir yaralandi.
Shahar markazidagi Falastin stadioni yaqinida esa Isroil askarlari ochgan o‘t oqibatida og‘ir yaralangan bir yigit olib borilgan shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.
Kunning dastlabki soatlarida G‘azo shahrining g‘arbidagi An-Nasr mahallasida avtomobil uchuvchisiz uchish apparati bilan nishonga olinishi oqibatida yo‘ldan o‘tayotgan Yusuf Akkila va uning qizi Vafo halok bo‘ldi.
Bundan tashqari, G‘azoning g‘arbidagi Shati qochqinlar lagerida tinch aholi bo‘lgan hududga uyushtirilgan yana bir dron hujumida 4 nafar falastinlik o‘rta va og‘ir darajada yaralandi.
G‘azodagi Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi bayonotida Isroilning o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 1 ming 344 nafarga, yaralanganlar soni esa 4 ming 481 nafarga yetgani bildirildi.

















