Ozarbayjon rasmiylari seshanbadan chorshanbaga o‘tar kechasi yuzaga kelgan yong‘in va undan keyin o‘q-dorilar omborida sodir bo‘lgan portlashlar ortidan 5 ming nafarga yaqin odam xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilingani, jabrlanganlar yo‘qligini ma'lum qildi.
Favqulodda vaziyatlar, mudofaa va ichki ishlar vazirliklarining qo‘shma bayonotiga ko‘ra, yong‘in G‘arbiy Goranboy tumanidagi Nizomiy qishlog‘i yaqinida joylashgan omborda chiqqan. Idoralar xodimlari politsiya va mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda tezkor operatsiya o‘tkazib, vaziyatni to‘liq nazorat ostiga olishgan. Shuningdek, xavfsizlik chorasi sifatida atrofdagi aholi ko‘chirilgani qo‘shimcha qilingan.
Goranboy tumani rahbarining o‘rinbosari, tuman favqulodda komissiyasi raisi Seymur Nazarovning jurnalistlarga ma'lum qilishicha, Nizomiy va qo‘shni Xoylu qishloqlari aholisi xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan.
"Evakuatsiya qilinganlar soni jami 5 000 nafarni tashkil etdi", dedi u.
Nazarovning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in o‘chirilish jarayonida bo‘lib, vaqti-vaqti bilan portlash tovushlari eshitilib turibdi, biroq uning yanada tarqalishining oldi olingan. Shuningdek, turar joylar zarar ko‘rmagani, halok bo‘lganlar, jarohat olganlar yoki jiddiy yo‘qotishlar yo‘qligi aytildi.
Hozirda har ikki qishloqning kirish va chiqish punktlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan bo‘lib, evakuatsiya qilingan fuqarolar barcha zarur sharoitlar yaratilgan xavfsiz joylarga vaqtincha va joylashtirilgan.



























