Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Burhanettin Duran dushanba kuni (16.02.2026) bergan bayonotida, Tel - Aviv ma’muriyati tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohilning ayrim hududlarini Isroilning davlat mulkiga aylantirish haqida qabul qilgan qarorini keskin qoraladi.
Duran ushbu qadamni xalqaro huquqning ochiq - oydin paymoli sifatida baholab, bu holat insoniyatning umumiy vijdoniga zid ekani va genotsid tusidagi siyosat hamda amaliyotlarning davom etishi degan ma’noni anglatishini qayd etdi.
U bunday tashabbuslar mintaqadagi adolatsizlikni chuqurlashtirayotgani, tinchlik, mintaqaviy osoyishtalik va xavfsizlikka bo‘lgan umidlarni ongli ravishda nishonga olayotganini ta’kidladi. Duran mavzu haqida shuningdek: “Falastin xalqining tarixiy va huquqiy haqlarini inkor etadigan, demografik va huquqiy tuzilmani o‘zgartirishga qaratilgan bu yondashuv mintaqada barqaror tinchlik yo‘lidagi eng katta to‘siqlardan biri bo‘ladi”, - dedi.
Duran bayonotni turk ijtimoiy tarmog‘i NSosyal orqali e’lon qildi.
Falastin hududlarining har qanday tarzda tortib olinishi rad etilishini bildirgan Duran xalqaro hamjamiyatni bu qonunsizlikni to‘xtatish va ikki davlatli yechim asosida barqaror tinchlikni ta’minlash uchun mas’uliyat olishga chaqirdi.
U shuningdek: “Turkiya sifatida, Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdo‘g‘an yetakchiligida, xalqaro huquq va inson huquqlari asosida adolatli yechimni himoya qilishda hamda falastinlik birodarlarimizning haq ishini qo‘llab - quvvatlashda davom etamiz”, - dedi.
Mazkur bayonot Isroil hukumati bir kun avval G‘arbiy Sohildagi Falastin yerlarini “davlat mulki” sifatida ro‘yxatga olish bo‘yicha taklifni ma’qullaganidan so‘ng e’lon qilindi.
Isroil davlat teleradiokompaniyasi ushbu taklif moliya vaziri Bezalel Smotrich, Adliya vaziri Yariv Levin va Mudofaa vaziri Israel Katz tomonidan taqdim etilganini bildirdi.
Falastinliklar bu qadamlarni G‘arbiy Sohilning rasmiy anneksiyasiga olib boruvchi jarayonning boshlanishi hamda hududning katta qismlarini amalda qo‘shib olishga qaratilgan harakat sifatida baholamoqda. Shuningdek, bu tashabbuslar Birlashgan Millatlar Tashkiloti qo‘llab - quvvatlaydigan ikki davlatli yechim doirasini zaiflashtirishi ta’kidlanmoqda.













