Turkiya Savdo vaziri O‘mer Bo‘lat Anado‘lu (Anadolu) agenligiga bergan bayonotida Turkiya – Suriya tranzit yo‘lagi kelasi yili to‘liq ishga tushgach, turk yuk tashuvchi mashinalarining Iordaniya bilan Ko‘rfaz arab davlatlariga quruqlik yo‘li orqali yetib borishiga imkon berishini ma’lum qildi. Bo‘lat, buning amalga oshishi uchun Suriyadagi viza va yo‘l reabilitatsiyasi kabi muammolarning hal qilinishi zarurligini ham o‘z so‘ziga ilova etdi.
O‘mer Bo‘lat joriy yilning iyun oyida imzolangan kelishuv asosida turk yuk tashuvchi mashinalarining Suriya orqali Iordaniya va Ko‘rfaz arab davlatlariga o‘tishi mumkinligi ammo Suriyadagi bojxona qoidalari, yo‘llarni ta’mirlash va viza masalalari ustida hali ham faoliyatlar yuritilayotganiga e’tibor qaratdi.
Bo‘lat Turkiya bilan Suriyaning transport vazirlari o‘rtasida bir yo‘nalish bo‘yicha imzolangan kelishuv, Iordaniyada katta qiziqish uyg‘otganini ifoda etgan holda buning sababi Iordaniya va Suriya orqali Turkiya bilan Yevropa tomon ketgan mazkur yo‘l savdo va transportda muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Savdo vaziri shuningdek: «Bu hududlarni quruqlik va temir yo‘llari bilan qayta tiklaganimiz zahoti, savdo ham farovonlik ham jadal tusda oshadi», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Shu bilan birga O‘mer Bo‘lat Turkiya bilan Iordaniya Hijoz temir yo‘lini birgalikda ta’mirlash va qayta tiklash istagida ekanini bildirdi. «Umid qilamizki, tarixiy Hijoz temir yo‘li yana ishga tushadi», - degan holda buning ham yuk ham yo‘lovchi tashish ishlarini orttirishini bildirdi.
Bo‘lat so‘zlari davomida Turkiya – Iordaniya Qo‘shma Iqtisodiy komissiyasining birinchi uchrashuvlari chorshanba (29.10.2025) kuni yakunlangani va ikki tomon savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar, turizm, madaniyat va boshqa sohalarda birgalikda amalga oshiradigan ishlarni belgilovchi memorandum imzolaganini ma’lum qildi.
Savdo vaziri shuningdek: «Bugun biz imzolagan kelishuv kelajakdagi bitimlar, faoliyatlar va dasturlar uchun yo‘l xaritasini qog‘ozga tushirdi», - dedi.
Savdo vaziri: «Turkiya bilan Iordaniya o‘rtasidagi o‘zaro savdo 2024 - yili 1,1 milliard dollarga yetdi va bu yilning ilk 9 oyida 1,4 milliard dollardan oshdi. Xudo xohlasa bu raqam yil oxiriga qadar 1,6 milliard dollardan oshadi degan umiddamiz», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Bo‘lat turk tadbirkorlari va pudratchilari kelasi yili Iordaniyada boshlanuvchi va yirik suv loyihasi bilan temir yo‘li qurilishini o‘z ichiga oluvchi 15 milliard dollarlik rivojlanish infratuzilmasi loyihalarida ishtirok etishi kerakligini ta’kidladi.
Savdo vaziri shuningdek: «Bugungacha turk pudratchilari 2,3 milliard dollarga teng 60 ta loyihani yakunladilar. Savdomiz oshgani sari, investitsiyalarimiz ham oshmoqda», - deya gapirdi.














