DUNYO
2 daqiqa o'qish
Pokistonning qamoqdagi sobiq bosh vaziri Imron Xon kasalxonaga yotkiziladi
73 yoshli sobiq Bosh vazirning oilasi va partiya rahbarlari uning qamoqxonada yomonlashib borayotgan sog'ligi tufayli shoshilinch tibbiy yordam so'rab murojaat qildi.
Pokistonning qamoqdagi sobiq bosh vaziri Imron Xon kasalxonaga yotkiziladi
Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon "Reuters" agentligiga intervyu bermoqda, Lahor, Pokiston, 2023-yil 17-mart [ARXIV]. / Reuters

Pokiston Oliy sudi sobiq bosh vazir Imron Xonni tibbiy muolaja olishi uchun qamoqdan shifoxonaga koʻchirish va navbatdagi sud majlisi oʻtadigan 16-sentabrgacha u yerda qolishiga ruxsat berish haqida qaror chiqardi.

Seshanba kuni Imron Xonning advokati Naim Haydar Panjuta bergan maʼlumotga koʻra, Oliy sudning uch nafar sudyadan iborat hayʼati — rais Shahid Vahid, Naim Axtar Afgʻon va Ishtiyoq Ibrohim — hukumatga sobiq bosh vazirni "Adiala" qamoqxonasidan Islomoboddagi "Shifa International" shifoxonasiga tibbiy koʻrik va davolanish uchun oʻtkazishni buyurgan.

Ushbu arizalar Imron Xonning singlisi, malakali jarroh, doktor Uzma Xon hamda partiyaning boshqa rahbarlari tomonidan taqdim etilgan edi. Ular suddan Imron Xonning jiddiy tibbiy yordamga muhtojligini, qamoqxonada sogʻligʻi yomonlashib, bir nechta kasalliklar bilan ogʻriyotganini bildirib, zudlik bilan davolanishini taʼminlashni soʻragan.

Sud, shuningdek, 73 yoshli sobiq bosh vazirni koʻrikdan oʻtkazish va davolash uchun maxsus tibbiy kengash tuzish hamda ushbu jarayonlarda doktor Uzma Xon va uning shaxsiy shifokori, doktor Faysal Sulton ishtirok etishini taʼminlashni koʻrsatib oʻtdi. Bundan tashqari, hokimiyat organlariga Xonning oilasi bilan uchrashishiga sharoit yaratib berish majburiyati yuklandi.

Mahalliy "Geo News" telekanalining xabar berishicha, parlament ishlari boʻyicha federal vazir Tariq Fazal Chaudxari hukumat Oliy sud qarorini toʻliq bajarishini maʼlum qilgan.

Chaudxari Xonning partiyasi sudlar adolatni taʼminlayotganini tushunib yetganini taʼkidladi. "Oldin ham odamlar sudlar orqali ozodlikka erishgan", — dedi vazir sudlar huquqiy yordam va adolat izlab murojaat qilinadigan asosiy yoʻl boʻlib qolayotganini qoʻshimcha qilar ekan. U, shuningdek, partiya tomonidan ariza berilmagan taqdirda ham sobiq bosh vazirga imkon qadar yaxshi tibbiy xizmat koʻrsatilganini qayd etdi.

Maʼlumot uchun, sobiq kriketchi Imron Xon 2018-yilda hokimiyatga kelgan, biroq 2022-yilning aprelida parlamentdagi ishonchsizlik vokalidan keyin muddatini yakunlay olmay lavozimidan chetlatilgan edi. U 2023-yilning avgustidan buyon bir nechta jinoyat ishlari boʻyicha ayblanib, qamoqda saqlanmoqda. Sobiq bosh vazirga nisbatan davlat sovgʻalarini oʻzlashtirish va korrupsiya bilan bogʻliq bir qator huquqiy ayblovlar qoʻyilgan. Hozirda uning baʼzi hukmlari toʻxtatilgan yoki bekor qilingan, yana bir qancha apellyatsiyalar esa yuqori sudlarda koʻrib chiqilishini kutmoqda.