TURKIYA
1 daqiqa o'qish
Turkiyada ilk bor o‘tkazilayotgan GITEX AI Türkiye ko‘rgazmasi Istanbulda boshlandi
Dunyodagi yetakchi texnologiya va sun’iy intellekt tadbirlari tarmoqlaridan biri bo‘lgan GITEX doirasida Turkiyada ilk bor tashkil etilgan GITEX AI Turkiye Istanbul ko‘rgazma markazida boshlandi.
Turkiyada ilk bor o‘tkazilayotgan GITEX AI Türkiye ko‘rgazmasi Istanbulda boshlandi
GITEX Ai Turkiya Istanbulda oʻz eshiklarini ochdi

Turkiya Prezidenti huzuridagi Investitsiya va moliya idorasi mezbonligida hamda Sanoat va texnologiyalar vazirligining strategik hamkorligida tashkil etilgan GITEX global texnologiya tadbiri Istanbulda ilk bor o‘z eshiklarini ochdi. Tadbirda 70 mamlakatdan tadbirkorlar, sarmoyadorlar va texnologiya sohasi yetakchilari bir joyga jamlandi.

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Turkiya Prezidenti huzuridagi Investitsiya va moliya idorasi Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Go‘khan Yujel mamlakat sun’iy intellektga o‘tish jarayonida kuchli mavqega ega ekanini ta’kidladi.

Yujel Turkiya shunchaki ko‘prik emas, balki dunyoni bir-biri bilan bog‘laydigan strategik chorraha ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, kuchli sanoat salohiyati, malakali yosh aholisi va mingdan ortiq sun’iy intellekt kompaniyasiga ega Turkiya texnologik maqsadlarni global iqtisodiy qiymatga aylantirishga qat’iy bel bog‘lagan.

GITEX raisi o‘rinbosari Bilol Alrais esa mazkur tadbir Turkiyaning raqamli innovatsiyalar infratuzilmasini xalqaro sarmoyadorlar bilan bog‘layotganini qayd etdi.

Ikki kun davom etadigan tadbirda 300 dan ortiq kompaniya va startap, 150 nafar xalqaro ma’ruzachi hamda umumiy qiymati 100 milliard dollardan ortiq aktivlarni boshqaradigan 100 dan ziyod sarmoyador ishtirok etmoqda.

Dasturdan, shuningdek, Turcorn 100 loyihasi doirasidagi mahalliy kompaniyalar, yetakchi texnoparklar va xalqaro texnologiya gigantlari ham o‘rin olgan.