“The New York Times” nashri AQSH rasmiylariga tayanib xabar berishicha, shu yilning bahorida nozik tinchlik muzokaralari qizg‘in kechayotgan bir pallada, Isroil Eronning yuqori martabali muzokarachilari — Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va Parlament spikeri Muhammad Boqir Qalibofni nishonga olishni rejalashtirgan bo‘lishi mumkin.
Amerikalik rasmiylarning bildirishicha, Vashington bu xavf-xatardan jiddiy tashvishga tushgan. Tramp ma’muriyati mintaqadagi boshqa davlatlar orqali Eronni Isroil tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan hujum haqida ogohlantirishni so‘ragan. AQSH tomoni bunday qotillik urinishlari muzokaralarni barbod qilishi va mintaqada keng ko‘lamli urushni qayta alanga olishiga olib kelishidan xavotirda bo‘lgan.
Nashrning yozishicha, Vashington Qalibof Isroilning nishonlar ro‘yxatiga kiritilganidan xabar topgan va Isroildan bunday harakatlardan tiyilishni talab qilgan. Eron tomoni esa Pokiston va Qatar vositachiligida AQSHdan muzokaralar davomida o‘z diplomatlari xavfsizligi bo‘yicha kafolat so‘ragan.
Xabarda aprel oyida Qalibofning Islomoboddan qaytish reysi chog‘ida Eron havo hududida ikki Isroil samolyoti aniqlangani va shu sababli samolyot Mashhad shahriga yo‘naltirilgani haqida ham tafsilotlar keltirilgan.
Ayni damda AQSH va Eron delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar davom etmoqda. Prezident Donald Tramp tinchlik jarayoni o‘z yo‘lida davom etishini ta’kidlab, Vashington Eronda rejimni o‘zgartirishni emas, balki Tehronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikni ko‘zlayotganini bildirgan.
Vositachilarning ma’lum qilishicha, navbatdagi AQSH–Eron muzokaralari Eronning marhum Oliy rahbari Ali Xomanaiy bilan bog‘liq motam marosimlari nihoyasiga yetgach, imkon qadar qisqa muddatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Ali Xomanaiy joriy yilning 28-fevral kuni AQSH va Isroil qo‘shma zarbalari natijasida vafot etgan edi.














