Trendyol 2026 CEV Yevropa chempionati finalida Italiyani 3:2 hisobida mag‘lub etib, chempion bo‘lgan Turkiya ayollar milliy voleybol terma jamoasi bosh murabbiyi Daniele Santarelli va jamoa sardori Eda Erdem Dundar yozgi mavsum uchun belgilangan maqsadlarga erishganliklarini aytdi.
Daniele Santarelli va Eda Erdem Dundar Sinan Erdem sport saroyida o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin ommaviy axborot vositalari vakillariga bayonot berdi.
Aytadigan gaplari juda ko‘pligini ta’kidlagan italiyalik bosh murabbiy shunday dedi:
“Yozgi mavsumni o‘zimiz istagandek yakunladik. Aql bovar qilmas natijalarga erishdik. Federatsiyamiz va jamoamiz haqiqatan ham mo‘jizaviy ishlarni amalga oshirdi. Bugun dunyoning eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi maydonda ajoyib kurash olib bordik. Haqiqatan ham mislsiz natijaga erishdik. Shu sababli o‘zimiz, jamoamiz va bajargan ishlarimiz bilan faxrlanishimiz kerak”.
Santarelli o‘z mamlakati terma jamoasiga qarshi o‘ynagani haqida ham to‘xtalib, quyidagilarni aytdi:
“Men italiyalikman. Buni hammangiz bilasiz, ammo men Turkiya uchun ishlayman. Butun kuch-g‘ayratimni Turkiya uchun sarflayman. Bor imkoniyatimni ushbu jamoaning yanada yaxshi natijalarga erishishi uchun safarbar qilaman. Albatta, mening Italiya fuqarosi ekanimni aytishingiz tabiiy. Lekin men bu mamlakatni juda yaxshi ko‘raman. Bu mamlakat xalqini ham juda sevaman. Bu mamlakat bilan birgalikda yutuqlarga erishishni va shu tarzda muvaffaqiyat qozonishni juda-juda istayman”.
Turkiya ayollar milliy voleybol terma jamoasi sardori Eda Erdem Dundar tomoshabop va zavqli uchrashuv o‘tkazilganini ta’kidladi.
Eda Erdem Dundar chempionlikdan juda faxrlanayotganlarini bildirib, shunday dedi:
“Juda baxtiyormiz. Jamoa sifatida yozgi mavsum boshida belgilagan barcha maqsadlarimizga erishdik. Bugun tomoshabinlar ham nihoyatda ajoyib edi. Uchrashuvni juda go‘zal muhitda o‘tkazdik. Juda tomoshabop o‘yin bo‘ldi. Ba’zan o‘yindan tushib qolganimizga qaramay, muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi va bizga bo‘lgan ishonchi yana o‘yinga qaytishimizga yordam berdi. Italiyaga qarshi uchrashuvda 2:1 hisobida ortda borayotgan bo‘lsak-da, vaziyatni o‘zgartirib, 3:2 hisobida g‘alaba qozondik. Ikkinchi marta Yevropa chempioni bo‘lganimizdan juda baxtiyormiz”.



























