Turkiya 6-may kuni Hindiston tomonidan Pokistonda tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga qaratilgan hujumni keskin qoraladi va bu harakat ikki qo‘shni davlat o‘rtasida to‘liq urush xavfini keskin oshirayotganini ta’kidladi.
Chorshanba kuni Turkiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda, Anqara bu keskinlikni “provosatsion” deb atab, har ikki tomon ham o‘zini tuta bilishi va aql-idrok bilan harakat qilishi kerakligini ta’kidladi.
“Biz tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga qaratilgan bunday provokatsion qadamlar va hujumlarni qoralaymiz,” deyiladi vazirlik bayonotida. “Kecha Hindiston tomonidan amalga oshirilgan hujum to‘liq urush xavfini oshiradi.”
Vaziyatning tez yomonlashayotganidan chuqur xavotir bildirgan Turkiya, keskinlikni kamaytirish va qo‘shimcha mojarolarni oldini olish uchun zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqirdi. Vazirlik kelgusida shunday hodisalarning oldini olish uchun, ayniqsa terrorizmga qarshi kurash sohasida zarur mexanizmlarni yaratish muhimligini ta’kidladi.
Anqara, shuningdek, Pokistonning 22-aprel kuni sodir bo‘lgan terroristik hujum bo‘yicha tergov o‘tkazish chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatlab, mintaqaviy hamkorlik va shaffoflikka bo‘lgan pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi.
“Biz mintaqadagi keskinlikni imkon qadar tezroq kamaytirish uchun choralar ko‘rilishini kutamiz,” deyiladi bayonotda. Turkiya vaziyatni yaqindan kuzatishda davom etishini qo‘shimcha qildi.
Ikki yadro kuchiga ega davlatlar o‘rtasidagi keskinlik avj olmoqda.
Keskinlikning kuchayishi natijasida Hindiston Pokiston va Pokiston boshqaruvidagi Kashmirning olti hududiga zarba berdi. Pokiston rasmiylariga ko‘ra, bu hujumlar natijasida tinch aholi, jumladan bolalar halok bo‘lgan va masjidlar zarar ko‘rgan.
Pokiston armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, nishonga olingan hududlar orasida Bahovalpur, Muridke, Muzaffarobod, Kotli, Bagh va Ahmadpur Sharqiy joylashgan. Halok bo‘lganlar orasida 3 yoshli qizaloq, 16 yoshli qiz va 18 yoshli yigit bor edi. O‘nlab odamlar jarohatlandi, ikki kishi bedarak yo‘qolgan.
General-leytenant Ahmad Sharif Choudhryning so‘zlariga ko‘ra, turli qurollardan 24 ta zarba qayd etilgan bo‘lib, ular zich aholi yashaydigan hududlar va diniy joylarga tegkan. Javoban, Pokiston beshta Hindiston harbiy samolyoti va bir nechta dronlarni urib tushirganini da’vo qildi.















