Turkiya bilan Armaniston ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam tashlab, «Ani ko‘prigi»ni birgalikda restavratsiya qilish bo‘yicha anglashuv memorandumini imzoladi.
Kelishuv Nikol Pashinyan hamda Jevdet Yilmazning Yerevanda bo‘lib o‘tgan Yevropa Siyosiy Hamjamiyati sammiti doirasidagi uchrashuvi ortidan dushanba kuni (04.05.2026) e’lon qilindi.
Turkiya – Armaniston munosabatlarini normallashtirish jarayoni bo‘yicha maxsus vakil Serdar Kilich bilan Armaniston Milliy Majlisi raisi o‘rinbosari hamda ushbu jarayon bo‘yicha maxsus vakil Ruben Rubinyan mazkur bitimni Yilmaz va Pashinyan huzurida imzoladi.
Uzoq vaqt davomida ajralish ramzi sifatida qaralgan «Ani ko‘prigi», endilikda ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi yarashuv timsoli sifatida ham baholanmoqda.
Yilmaz Yerevanda o‘tkazilgan uchrashuvlar nafaqat ikki tomonlama munosabatlarni; balki transport, bojxona, energetika va raqamli aloqadorlik masalalarini ham o‘z ichiga olishi hamda mintaqaviy integratsiyani mustahkamlashga qaratilganini ta’kidladi.
U, shuningdek, normallashuv jarayonida so‘nggi paytlarda erishilgan yutuqlar aniq natijalar bera boshlagani va bu diplomatik jarayonda bosqichma - bosqich o‘zgarish qayd etayotganini bildirdi.
Yilmaz ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali mavzu haqida: «Janob Pashinyan bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvimizda ikki tomonlama munosabatlarimizni har tomonlama ko‘rib chiqdik. Shuningdek transport, bojxona, energetika hamda raqamli infratuzilma va aloqadorlikni mustahkamlashga qaratilgan qadamlarni muhokama qildik. Normallashuv jarayonida tashlangan o‘zaro konstruktiv qadamlarning aniq natijalar berayotganidan mamnunmiz» - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Yevropa Siyosiy Hamjamiyati sammiti
Yilmaz Yerevanda bo‘lib o‘tgan sammitda ham ishtirok etdi.
U Rejep Tayyip Erdo‘g‘an nomidan ishtirok etar ekan, Pashinyan tomonidan Karen Demirchyan sport va konsert majmuasida kutib olindi.
Yilmaz ochilish marosimidan so‘ng asosiy sessiyada qatnashdi va boshqa yetakchilar bilan birgalikda suratga tushdi.
Sammitda Vladimir Zelenskiy, Emmanuel Makron, Keyr Starmer va Jorjiya Meloni kabi dunyoning 40 dan ortiq davlatining yetakchisi ishtirok etdi.
Sammit davomida Yilmaz, Jonas Gahr Store bilan ham uchrashar ekan unda ikki tomonlama munosabatlar va hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.
Yilmaz mavzu haqida NSosyal turk ijtimoiy tarmoq orqali bergan bayonotida: «Uchrashuvimizda Turkiya – Norvegiya munosabatlari bilan bir qatorda iqtisodiyot, savdo, turizm, investitsiyalar, energetika, ilm - fan va texnologiya, mudofaa sanoati hamda terrorizmga qarshi kurash kabi ko‘plab masalalarni ko‘rib chiqdik. Turkiya sifatida Norvegiya bilan barcha sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat beramiz» - dedi.
Yilmaz, shuningdek, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Feridun Sinirlio‘g‘lu bilan ham uchrashdi.
U mavzu haqida shuningdek: «Ushbu tashkilot o‘zining institutsional tajribasi bilan kelgusida ham Yevro - Atlantika va Yevroosiyo hududlarida tinchlik, barqarorlik va osoyishtalikka samarali hissa qo‘shishda davom etishiga ishonamiz. Janob Sinirlio‘g‘luga ishlarida muvaffaqiyat tilaymiz» - degan ifodalarga o‘rin berdi.










