NATO a’zosi Ruminiya havo hududiga bostirib kirgan ikki dronni urib tushirdi
Ruminiya Qora dengiz ustidagi milliy havo hududiga noqonuniy kirgan ikki dronni F-16 qiruvchi samolyotlari yordamida o‘qqa tutib, yo‘q qilganini ma’lum qildi. Ushbu voqea Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi mintaqa xavfsizligiga tahdid solishda davom etayotganining navbatdagi isbotidir.
Mudofaa vaziri Radu Miruta o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qilishicha, Ruminiya harbiy-havo kuchlariga qarashli F-16 qiruvchi samolyotlari Sulina shahridan taxminan 20 kilometr janubi-sharqda tezkor harakatga keltirilgan.
“Ruminiya harbiy uchuvchilari Qora dengiz ustida ikki dronni aniqlab, kuzatuvga oldi va o‘qqa tutib yiqitdi. Dronlar mamlakatimiz havo sarhadlarini buzib kirishi bilan ularga nisbatan zudlik bilan chora ko‘rildi”, — deb yozdi vazir.
Dronlar bir necha daqiqa ichida yo‘q qilingan
Mudofaa vazirligi rasmiy xabarnomasiga ko‘ra, operatsiya bir necha daqiqa ichida yakunlangan:
Birinchi dron: Mahalliy vaqt bilan soat 17:59 da (GMT 14:59) havo hududiga kirgan va oradan bor-yo‘g‘i ikki daqiqa o‘tib urib tushirilgan.
Ikkinchi dron: Chegarani buzib o‘tgach, besh daqiqa davomida kuzatilib, soat 18:05 da yo‘q qilingan.
Mintaqada Rossiya dronlari xavfi kuchaymoqda
Ukraina bilan chegaradosh va NATO a’zosi bo‘lgan Ruminiya 2022-yil fevralida Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan beri o‘z hududida rossiyalik dronlar qoldiqlarini bir necha bor aniqlagan. Ikki davlat chegarasining katta qismi Dunay daryosi bo‘ylab o‘tadi. Bu hudud esa Rossiya qo‘shinlari tomonidan doimiy nishonga olinayotgan Ukraina portlariga juda yaqin joylashgan.
Mazkur voqeadan bir necha kun oldin Qora dengiz qirg‘og‘i yaqinida ikki tanker dron zarbalariga uchragan edi. Ruminiya rasmiylari juma kuni ushbu kemalardan birining bedarak yo‘qolgan yetti nafar ekipaj a’zosini qidirish ishlarini qayta boshladi. Bu holat urushning xalqaro tijorat dengiz qatnoviga salbiy ta’siridan xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Bolgariya NATOdan shoshilinch yordam so‘radi
Qora dengizdagi tijorat kemalariga qilingan hujumlar ortidan qo‘shni Bolgariya ham xavfsizlik choralarini kuchaytirishga kirishdi.
Bolgariya Mudofaa vaziri Dimitar Stoyanov rasmiy Sofiya o‘z mudofaasini mustahkamlash maqsadida NATOdan qo‘shimcha jangovar samolyotlar hamda dronlarga qarshi zamonaviy havo mudofaa tizimlarini so‘rab murojaat qilganini e’lon qildi.






















