UNICEF Yamanda davom etayotgan to‘qnashuvlar sababli maktab yoshidagi 137 mingdan ortiq bolaning ta’lim olishi jiddiy ravishda izdan chiqqanini ma’lum qildi.
BMTning Bolalar jamg‘armasi dushanba kuni bergan bayonotida, yordam ko‘rsatish guruhlari mojarolardan zarar ko‘rgan bolalar uchun bolalarga mos xavfsiz hududlar va vaqtinchalik sinfxonalar tashkil etgani hamda ularni himoya qilish xizmatlarini yo‘lga qo‘yganini bildirdi.
UNICEF: «Bolalar mojaro tufayli o‘z kelajagidan mahrum bo‘lmasligi kerak», dedi.
Tashkilot juma kuni bergan bayonotida, qayta avj olgan to‘qnashuvlar mamlakat g‘arbidagi Taiz viloyati va Yamanning g‘arbiy sohillari bo‘ylab joylashgan hududlardagi oilalarni uylarini tark etishga majbur qilganini ma’lum qilgan edi.
UNICEF BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi — UNFPA va Jahon oziq-ovqat dasturi — WFP bilan birgalikda uylarini tark etishga majbur bo‘lgan 14 mingdan ortiq kishiga shoshilinch yordam ko‘rsatmoqda.
Yamanda xalqaro miqyosda tan olingan hukumat kuchlari bilan husiylar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar bir necha yil davom etgan nisbiy osoyishtalikdan so‘ng, iyul oyining boshidan buyon kuchaydi.
Mamlakat husiylar 2014-yilda poytaxt Sano va bir qancha viloyatlarni egallab olgani, keyinchalik Saudiya Arabistoni boshchiligidagi Arab koalitsiyasi 2015-yilda xalqaro miqyosda tan olingan hukumatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida harbiy aralashuvni boshlaganidan buyon urush girdobida qolmoqda.






















