Knesset ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohildagi falastinlik mahbuslar uchun o‘lim jazosini asosiy jazo turiga aylantiruvchi qonun loyihasini ovozga qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Parlament bahorgi ta’tilga chiqishdan bir necha kun oldin, dushanba kuni (30.03.2026) muhokamalarni boshladi. Qonun qabul qilingudek bo‘lsa unda bu Isroilning o‘ta o‘ng qanot ko‘z qarashdagi kuchlarining falastinliklarga nisbatan jazolarni kuchaytirishga qaratilgan ko‘p yillik sa’y - harakatlarining cho‘qqisi bo‘ladi hamda loyihani ilgari surgan diniy partiya yetakchisi va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben - Gvir uchun siyosiy g‘alaba hisoblanadi.
Qonunga qarshi chiquvchilar uni “irqchi va shafqatsiz” deb atamoqda. Loyiha o‘lim jazosining 30 kun ichida kuchga kirishini nazarda tutadi, biroq inson huquqlari tashkilotlari Isroil Oliy Sudiga shikoyat qilishlari kutilmoqda.
Ben - Gvir ovoz berishga tayyorgarlik jarayonida kiyimiga taqqan kichik ilmoq orqali loyihani ommalashtirdi. Bu esa qonunda ko‘zda tutilgan qatl usuliga ochiq ishora edi.
Loyiha yakuniy ovozga qo‘yilish uchun ma’qullangach, Ben - Gvir: “Xudoning yordami bilan bu qonunni to‘liq amalga oshiramiz va dushmanlarimizni yo‘q qilamiz” - dedi va bu so‘nggi yillarda parlament tomonidan qabul qilingan eng muhim qonun ekanini qo‘shimcha qildi.
Ben - Gvirning partiyasi Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi koalitsiya uchun muhim ahamiyatga ega.
Qonun loyihasida nimalar bor?
Tanqidchilar qatoriga isroilliklar, falastinliklar, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti kiradi. Ularning fikricha, loyiha sud tizimi ichida ierarxiya yaratib, o‘lim jazosini asosan falastinlik mahbuslarga nisbatan qo‘llashni ko‘zda tutadi.
Qonun loyihasi harbiy sudlarga bir isroillikni o‘ldirishda aybdor deb topilgan shaxslarga “terrorizm” doirasida o‘lim jazosi berishni buyuradi. Bunday sudlar asosan Isroil fuqarosi bo‘lmagan, faqat G‘arbiy Sohilda yashovchi falastinliklarni sud qiladi. Loyiha “alohida holatlarda” jazoni umrbod qamoqqa almashtirish imkonini ham vermoqda.+
Isroil fuqarolarini, jumladan falastinlik Isroil fuqarolarini sud qiladigan fuqarolik sudlari esa “Isroil davlatining mavjudligini inkor etish niyati bilan” sodir etilgan qotilliklar bo‘yicha umrbod qamoq yoki o‘lim jazosi o‘rtasida tanlov qilishi mumkin.
Isroil Demokratiya Instituti Demokratik qadriyatlar va institutlar markazining katta tadqiqotchisi Amixay Koen bu amaliyotni kamsituvchi deb baholadi.
Unga ko‘ra: “Bu qonun asosan harbiy sudlar amal qiladigan hududlarda qo‘llanadi. Isroil sudlarida ham qo‘llanishi mumkin ammo faqatgina Isroil o‘rnini zaiflashtirish maqsadidagi terror harakatlariga nisbatan. Bu esa yahudiylar bu qonun doirasida sud qilinmasligini anglatadi” - dedi.
Tanqidlar
Koen xalqaro huquqqa ko‘ra Isroil parlamenti mustaqil hududi bo‘lmagan ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda qonun chiqarish vakolatiga ega emasligini ham ta’kidladi. Netanyaxuning o‘ta o‘ng ko‘z qarashdagi koalitsiyasidagi ko‘plab siyosatchi bu hududni anneksiya qilish tarafdori.
Parlament Milliy xavfsizlik qo‘mitasi yuristi avvalgi muhokamalarda loyiha xalqaro konvensiyalarga zid ravishda afv imkonini bermasligini bildirib, bundan xavotirda ekanini bildirgan. Loyiha o‘lim jazosi hukmi chiqarilgach 90 kun ichida ijro etilishini nazarda tutadi.
Isroil qonunchiligida genotsid, urush paytidagi josuslik va ayrim terror jinoyatlari uchun o‘lim jazosi mavjud bo‘lsa - da, mamlakat 1962 - yili natsist jinoyatchi Adolf Eyxmandan beri hech kimni qatl etmagan.
Ba’zi muxolif deputatlar loyiha kelajakdagi mahbusga olinganlar bo‘yicha muzokaralarga ziyon yetkazishidan xavotirda ekanini ifoda etmoqda. Isroil 2023 - yilning oktabr oyidagi voqealarda qo‘lga olingan qariyb 250 kishini minglab falastinlik mahbuslarga almashtirgan edi.
Isroilda “Qiynoqlarga qarshi Jamoat qo‘mitasi” nomli mahalliy himoya tashkiloti, davlat Birlashgan Millatlar Tashkilotida o‘lim jazosini bekor qilish tarafdori sifatida muntazam ravishda ovoz berib kelganini yodga soldi.











