Eron qurolli kuchlari bosh shtabi passiv mudofaa bo‘yicha butun mamlakatni qamrab oluvchi yo‘riqnomani e’lon qildi. Davlat OAVlarining seshanba kungi xabariga ko‘ra, hujjatda uchta ehtimoliy ssenariy — to‘liq miqyosli urush, o‘t ochishning vaqtincha to‘xtashi va qarama-qarshilikning batamom tugashi holatlari uchun zarur tayyorgarlik choralari belgilangan.
Fors axborot agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, Eron Qurolli kuchlari shtabi boshlig‘i va Doimiy passiv mudofaa qo‘mitasi raisi, general-mayor Ali Abdullohi 2026-yilgi passiv mudofaa tadbirlari uchun 10 banddan iborat yo‘riqnomani tasdiqlagan.
Har xil vaziyatlar uchun maxsus choralar
To‘liq miqyosli urush holatida: Ommaviy yig‘ilishlar va ko‘ngilochar tadbirlar to‘xtatiladi. Asosiy e’tibor operativ tayyorgarlikka, muhim xizmatlar barqarorligini saqlashga, resurslarni boshqarishga, aholini qo‘llab-quvvatlashga hamda tegishli idoralar o‘rtasidagi muvofiqlashtiruvni kuchaytirishga qaratiladi.
O‘t ochish vaqtincha to‘xtatilib, nizo yakunlanmagan taqdirda: Yo‘riqnoma aholini tayyorlash, gibrid urushga qarshi hushyorlikni oshirish va axborot xavfsizligini ta’minlashni ustuvor vazifa etib belgilaydi.
Urush to‘la tugagan holatda esa: Hokimiyat rejalashtirilgan o‘quv mashg‘ulotlari, ta’lim dasturlari va keng ko‘lamli ommaviy tadbirlarni to‘la hajmda amalga oshirishga o‘tadi.
Shuningdek, yo‘riqnomada Eron rasmiylari tomonidan “ikkinchi va uchinchi majburiy urushlar” deb atalgan o‘tmishdagi tajribalar asosida tezkor rejalarni yangilash talab etilgan.
AQSh–Isroil urushi fonidagi qaror
Eron 2024- va 2025-yillarda ham yillik passiv mudofaa dasturlari doirasida shunga o‘xshash 10 bandli ko‘rsatmalar chiqarib, aholini tayyorlash hamda muhim infratuzilmalarni himoya qilishga e’tibor qaratgan edi. Biroq joriy yo‘riqnoma bevosita davom etayotgan AQSh–Isroil mojarosi sharoitida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uchta ehtimoliy natijaga aniq tayyorgarlik ko‘rishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, AQSh va Isroil 28-fevral kuni Eronga qarshi keng ko‘lamli hujumlarni boshlab, hukumat binolari, harbiy obyektlar, raketa infratuzilmasi hamda havo mudofaa tizimlarini nishonga olgan edi. Eron esa bunga javoban Isroil va mintaqadagi AQSh bazalariga qarshi raketa va dronlar bilan zarba berdi.
Shundan beri tanglik butun mintaqaga yoyildi, ayni paytda diplomatik sa’y-harakatlar qarama-qarshilikka barham berishga qaratilmoqda.
Joriy keng ko‘lamli urushdan oldin, 2025-yil iyun oyida Eron va Isroil o‘rtasida 12 kunlik to‘qnashuv yuzaga kelib, AQSh vositachiligidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bilan yakunlangan edi.


























