Dunyoning eng muhim diplomatik uchrashuvlaridan biri sifatida baholanadigan va ko‘plab mamlakatlar yetakchilarini bir joyga jamlaydigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 81 - sessiyasi 22 - sentabr kuni Nyu - Yorkda boshlanadi.
193 a’zo davlatdan iborat BMTning Nyu - Yorkdagi qarorgohida har yili mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari hamda tashqi ishlar vazirlari global muammolarni muhokama qilish uchun yig‘iladigan Bosh Assambleyaning yuqori darajadagi haftaligi bu yil 22 – 28 - sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish so‘nggi bor ochilish marosimiga raislik qiladigan 81 - BMT Bosh Assambleyasiga Bangladesh Tashqi Ishlar vaziri Khalilur Rahman raislik qiladi.
1955 - yildan buyon davom etib kelayotgan an’anaga ko‘ra raislardan keyin birinchi bo‘lib yana Braziliya vakili nutq so‘zlaydi.
Braziliyadan so‘ng mezbon davlat — AQSh so‘zga chiqadi.
BMT Bosh Assambleyasida Turkiya nomidan esa Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an birinchi kuni 4 - navbatda nutq so‘zlaydi.
Prezident Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasiga 16 - marta murojaat qiladi.
Asosiy mavzu — «Ishonchni qayta tiklash».
Bu yil «Ishonchni qayta tiklash, transformatsiyani boshqarish: BMT hamma uchun natija berishi uchun» mavzusida o‘tkaziladigan Bosh Assambleyada 150 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, ko‘plab vitse - prezidentlar, bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va boshqa yuqori lavozimli hukumat vakillarining ishtirok etishi kutilmoqda.
Asosiy mavzu doirasida BMTni mavjud global sharoitlarga moslashtirish va ko‘p tomonlama tizimni mustahkamlash muhim kun tartibidagi masalalardan biri bo‘ladi.
Geosiyosiy raqobatning kuchayishi, davom etayotgan urushlar, iqtisodiy tengsizliklar va global inqirozlar sharoitida xalqaro institutlarning samaradorligini oshirish, a’zo davlatlar o‘rtasidagi ishonchni qayta tiklash hamda BMTning global muammolarga yanada samarali javob bera olishini ta’minlash masalalari yetakchilarning nutqlari va ikki tomonlama uchrashuvlarida asosiy mavzulardan bo‘lishi kutilmoqda.
Yetakchilarning asosiy kun tartibidagi masalalari qatorida iqlim o‘zgarishi, Barqaror rivojlanish maqsadlari, taraqqiyotni moliyalashtirish, sun’iy intellekt va texnologik transformatsiya, global sog‘liqni saqlash va pandemiyalarga tayyorgarlik, yadroviy qurolsizlanish hamda xalqaro xavfsizlik kabi turli mavzular ham o‘rin oladi.
Shu doirada iqlim bo‘yicha harakatlar va adolatli transformatsiya, yadroviy qurolsizlanish, Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40 yilligi, dengiz sathining ko‘tarilishi natijasida yuzaga kelayotgan tahdidlar, kelajakdagi pandemiyalarga tayyorgarlik ko‘rish va ularga javob berish salohiyatini kuchaytirish, irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va ular bilan bog‘liq murosasizlikka qarshi kurash masalalari bo‘yicha turli yuqori darajadagi yig‘ilishlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, yetakchilar BMT Bosh Assambleyasi minbaridan qiladigan nutqlarida, shuningdek, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama uchrashuvlarda dunyoning turli hududlarida davom etayotgan mojarolar, inqirozlar va nizolarni muhokama qilishlari kutilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, G‘azoda davom etayotgan genotsid ko‘plab yetakchilarning asosiy kun tartibidagi masalalaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, Eronga qarshi hujumlar va Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi erkinligi, Rossiya - Ukraina urushi, Kipr masalasi, Sudandagi to‘qnashuvlar va og‘irlashayotgan gumanitar vaziyat, Myanmardagi gumanitar inqirozdan tortib Gaitidagi xavfsizlik inqirozigacha bo‘lgan ko‘plab masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.
BMT Bosh Assambleyasi doirasidagi yana bir muhim masala Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga nisbatan Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan 2024 - yilda chiqarilgan hibsga olish orderining ijro etilib etilmasligi masaladir.
Nyu - York meri Zo‘hran Mamdaniy Netanyaxuni XJS qaroriga muvofiq hibsga olish kerakligi biroq uning hibsga olinishi bo‘yicha mustaqil huquqiy vakolati yo‘qligini va bu chorani federal hukumat ko‘rishi kerakligini ta’kidladi.
Boshqa tomondan, AQSh hukumati Netanyaxuning «hech qanday holatda hibsga olinmasligi»ga ishora qilgan bo‘lsa, BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlashi kutilayotgan Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos va falastinlik rasmiylarning viza olish haqidagi so‘rovini yana bir bor rad etdi.



























