Myunxen xavfsizlik konferensiyasi o‘z ishini boshladi. Tashkilotchilar ushbu tadbirni o‘zaro to‘qnash kelayotgan inqirozlar, ortib borayotgan geosiyosiy tarangliklar va tizimli o‘zgarishlar bilan xarakterlanadigan “o‘ta muhim palladagi” anjuman deb atamoqda.
Juma kuni Germaniya Kansleri Fridrix Mersning (Friedrich Merz) ochilish nutqidan so‘ng ko‘plab notiqlar so‘zga chiqadi. Muhokamalar xalqaro tartib va transatlantik ittifoqlarning kelajagi, Yevropaning mudofaa va xavfsizlik tizimini kuchaytirish harakatlari, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, G‘azoni qayta tiklash va Eron bilan bog‘liq ziddiyatlarga qaratiladi. Shuningdek, iqlim va energetika xavfsizligi, yadroviy xatarlar, sun’iy intellekt hamda savdo va texnologiyalarning qurol sifatida ishlatilishi kabi mavzular ko‘rib chiqiladi.
Anjumanda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan birga 60 ga yaqin davlat va hukumat rahbari qatnashishi kutilmoqda. Yevropa yetakchilarining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i ishtirokini tasdiqlagan bo‘lsa, AQSH o‘z tarixidagi “eng yirik delegatsiya” bilan qatnashmoqda. AQSH Senatining to‘rtdan bir qismini o‘z ichiga olgan ushbu hay’atga Davlat kotibi Marko Rubio (Marco Rubio) rahbarlik qilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirda Yevropa Ittifoqi, NATO, ASEAN, YEXHT, Jahon banki, Jahon savdo tashkiloti va BMTning ko‘plab agentliklari kabi 50 dan ortiq xalqaro tashkilot rahbarlari ham ishtirok etmoqda.
Yig‘ilish oldidan e’lon qilingan yillik Myunxen xavfsizlik hisobotida “dunyo vayronkor siyosat davriga kirgani” va “AQSH yetakchiligidagi urushdan keyingi xalqaro tartib hozirda parchalanayotgani” haqida ogohlantirish berildi.
Hisobotda AQSH Prezidenti Donald Trampning “buldozer” siyosati tanqid qilinib, bu yondashuv xalqaro tartibni buzayotgani hamda “boylar, kuchlilar va mintaqaviy gegemonlar” tomonidan shakllantiriladigan dunyoga zamin yaratayotgani ta’kidlandi. Vashingtonning xalqaro huquqqa nisbatan bepisandligi va mavjud qoidalar hamda institutlarni yo‘q qilishga qaratilgan harakatlari butun dunyodagi inqiroz va mojarolarga chuqur ta’sir ko‘rsatishi qayd etildi.









