Qish sharoitlari G‘azodagi ta’sirini kuchaytirar ekan, Turkiya urushdan jabr ko‘rgan hududga insonparvarlik yordamlari yuborishda davom etmoqda.
Shu doirada mamlakatning Kayseri viloyatining markaziy Melikgazi tumanida tayyorlangan va insonparvarlik yordamlari orttirilgan yuk tashuvchi mashinalar bugun G‘azo tomon yo‘l oldi.
Melikgazi hokimligi bilan Inson Huquqlari va erkinliklari hamda Insonparvarlik Yordami jamg‘armasi (IHH) hamkorligida yig‘ilgan yuklar orasida adyol, ko‘rpa va matras kabi asosiy ehtiyoj buyumlari mavjud.
BMT hisobotlariga ko‘ra insonparvarlik yordam hamkorlari bir milliondan ortiq inson, boshqacha qilib aytganda G‘azo aholisining qariyb yarmi haligacha shoshilinch ravishda boshpana yordamiga muhtojdir.
Shu bois ham G‘azoda yordamga katta ehtiyoj bor. Og‘ir qish kunlarida chodirlarda yoki og‘ir sharoitlardagi binolarda yashashga yoki jon saqlashga urinayotgan oilalarning ehtiyojlari ham ortib bormoqda.
IHH G‘azoga oziq - ovqat, suv, dori - darmon va boshqa shoshilinch yordam vositalarini yetkazib berishda davom etmoqda.
IHH shu doirada o‘tgan 2025 - yili ham G‘azoga insonparvarlik yordam ashyolari orttirilgan 77 ta yuk tashuvchi mashina yubordi. Shu yili jamg‘arma Jahon Oziq - ovqat dasturi (WFP) bilan hamkorlikda 28,7 million porsiya issiq ovqat tarqatdi.
Yuk tashuvchi mashinalar bugun ham har doiögidek duolar bilan kuzatib qo‘yildi, Melikgazi hokimligi ham G‘azoda davom etayotgan insonparvarlik inqirozidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish sa’y - harakatlarini to‘xtatmadi.

















