TURKIYA
3 daqiqa o'qish
Musulmon jamiyatlar o‘z narrativlarini qayta qo‘lga olishi kerak
Turkiya Aloqa boshqarmasi rahbari Burhanettin Duran mojarolar endi faqat jang maydoni bilan cheklanib qolmay, balki idrok va axborot orqali ham olib borilayotganini ta’kidladi.
Musulmon jamiyatlar o‘z narrativlarini qayta qo‘lga olishi kerak
Duran forumda yoʻlga qoʻyilgan muloqot va hamkorlik Islom olamida birlikni mustahkamlashiga umid bildirdi. / AA

Turkiya Aloqa boshqarmasi rahbari Burhanettin Duran musulmon jamiyatlarni o‘z narrativlarini yana nazorat ostiga olishga chaqirdi. U xalqaro tartib misli ko‘rilmagan darajadagi legitimlik inqirozi bilan yuzlashayotganini va uni barpo etgan kuchlarning o‘zi endi ushbu tartibning asosiy buzuvchilariga aylanganini aytdi.

Istanbulda o‘tkazilgan Musulmon Ta’siri Forumi 2026’da so‘zga chiqqan Duran, dunyo so‘nggi yillarda oddiy o‘zgarishlardan ham chuqurroq bo‘lgan tub transformatsiya jarayonidan o‘tayotganini bildirdi.

“Urushlar, genotsidlar, pandemiyalar hamda xalqaro institutlar va me’yorlarga bo‘lgan ishonchning yemirilishi aniq tarzda muhim bir chegara ortda qolganini ko‘rsatmoqda,” dedi Duran. U xalqaro hamjamiyatning kelajakka doir aniq strategik tasavvurga ega emasligini ham qo‘shimcha qildi.

Duran tizimli inqirozning asosiy belgilarini sanab o‘tar ekan, yirik davlatlar tobora mas’uliyatdan qochayotganini va global tartibni yaratgan ayrim aktorlar endilikda uning asosiy buzuvchilariga aylanganini ta’kidladi.

Shuningdek, barqarorlikni ta’minlash va mojarolarni hal etish uchun tuzilgan institutlarning samaradorligi pasayib borayotganiga e’tibor qaratgan Duran, o‘zgarishlar kommunikatsiya sohasida ham yaqqol ko‘rinayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, insoniyat endi “kommunikatsiya davri”dan o‘tib, u “narrativlar davri” deb atagan yangi bosqichga kirgan.

“Bu yangi davrda raqobat endi faqat kommunikatsiya haqida emas. Masala — haqiqatlarning qanday talqin qilinishi, qanday shakllantirilishi va nihoyat global jamoatchilik tomonidan qanday qabul qilinishidadir,” dedi Duran.

Uning so‘zlariga ko‘ra, axborot endilikda soniyalar ichida global auditoriyaga yetib boradi, biroq bu tezlik bir vaqtning o‘zida dezinformatsiya, manipulyatsiya va haqiqat bilan yolg‘on o‘rtasidagi chegaralarning yo‘qolishi kabi xavflarni ham kuchaytirmoqda.

Burhanettin Duran mojarolar endi faqat jang maydonlarida emas, balki idrok va axborot orqali ham olib borilayotganini alohida qayd etdi.

Duran soxta videolar, manipulyatsiya qilingan kontentlar va uyushgan propaganda tarmoqlari zamonaviy mojarolarning markaziy unsurlariga aylanganini ta’kidlab, “Aloqa boshqarmasi sifatida biz to‘g‘ri, tasdiqlangan va ishonchli ma’lumotlarga asoslangan axborot ekotizimini yaratishni ustuvor vazifalarimizdan biri deb bilamiz,” dedi.

Turkiyaning xalqaro maydondagi roliga to‘xtalgan Duran, mamlakat Iroq, Suriya, Janubiy Kavkaz, Ukraina va G‘azo kabi ko‘plab muhim inqirozlarda vositachi va tinchlik o‘rnatishga xizmat qiluvchi rolni bajarayotganini ta’kidladi.

Duran Prezident Rejep Toyyip Erdo‘g‘anning “dunyo beshdan kattadir” degan bayonoti global tizimdagi tuzilmaviy tengsizliklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob ekanini aytdi.


Musulmon jamiyatlar — norm belgilovchilar sifatida

Burhanettin Duran musulmon jamiyatlar xalqaro tartibni shakllantirish jarayonida tarixan chetga surib qo‘yilganini ham tanqid qildi va tizim yaratilgan paytda ular qaror qabul qilish jarayonlaridan deyarli butunlay chetlatilganini bildirdi.

U Edvard Said asarlariga murojaat qilib, xususan Orientalism va Covering Islam kitoblarini tilga oldi. Duran G‘arb narrativlari uzoq vaqt davomida islom olamiga nisbatan tasavvurlarni shakllantirib kelganini ta’kidladi.

Aloqa boshqarmasi rahbari sifatida Duran musulmon jamiyatlar G‘arb markazli tafakkur tomonidan yuklatilgan himoyaviy pozitsiyalardan chiqib, shakllanayotgan global tartibda faol norm belgilovchilarga aylanishi kerakligini qayd etdi.

“Bugungi o‘tish davri faqat xavflarni emas, balki imkoniyatlarni ham o‘z ichiga oladi,” dedi u.
“Biz o‘z qadriyatlarimizni yana tizimga qaytarishimiz va islomofobiya hamda G‘arb markazli qarashlar shakllantirgan himoyaviy yondashuvlardan chiqishimiz kerak.”

Duran texnologik kompaniyalar, lobbi guruhlari, razvedka tarmoqlari va hisobdorligi past bo‘lgan raqamli platformalar global narrativlarni shakllantirishda katta rol o‘ynayotganini ta’kidladi. Ular qaysi mojarolar yoritilishi va qaysi ovozlar eshitilishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, Duran bu muhit musulmon jamiyatlarga o‘z narrativlarini qayta tiklash va ifoda etish imkonini ham berayotganini aytdi:

“Agar biz o‘z hikoyamizni aytmasak, boshqalar uni bizning o‘rnimizga aytishda davom etadi. Va agar boshqalar bizning hikoyamizni aytsa, dunyodagi o‘rnimizni ham ular belgilaydi.”

Duran hukumatlar, fuqarolik jamiyati, akademiklar, jurnalistlar va san’atkorlar o‘rtasida kuchliroq hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. U raqamli savodxonlikni oshirish va dezinformatsiyaga qarshi kurashadigan institutlarga ko‘proq sarmoya kiritishni taklif qildi.

Shuningdek, u forum doirasida olib boriladigan muloqot va hamkorlik musulmon dunyosida birlikni mustahkamlashi va kengroq xalqaro hamjamiyatga ijobiy hissa qo‘shishiga umid bildirdi.