BMT Kordofanda xavfsizlik tobora yomonlashayotganini qayd etar ekan, rasmiylar raketalar Kalogidagi bir bolalar bog‘chasiga, shifoxonaga va gavjum turar-joy hududlariga tushganini bildirdi.
Sudan rasmiylarining ma’lum qilishicha, paramiliter Tezkor Qo‘llab-quvvatlash Kuchlari (RSF) tomonidan Janubiy Kordofanda amalga oshirilgan dron hujumida kamida 79 nafar tinch aholi — shundan 43 nafar bola — halok bo‘lgan, 38 kishi yaralangan.
Janubiy Kordofan shtati hukumati payshanba kuni Sudan g‘arbida joylashgan Kalogi shahriga qilingan hujum qurbonlari orasida to‘rt nafar ayol ham borligini bildirdi. Dron bir bolalar bog‘chasiga, shifoxonaga va zich aholi yashaydigan hududlarga to‘rtta raketa uchirgani aytildi. Hodisa RSF ittifoqchisi — Sudan Xalq Ozodlik Harakati-Shimol (SPLM-N) tomonidan “jirkanch jinoyat” deb baholandi.
Dastlab olti nafar bola va bir o‘qituvchining halok bo‘lgani xabar qilingan edi, ammo keyinchalik qurbonlar soni 79 nafarga yetdi.
Rasmiylar xalqaro hamjamiyatni va inson huquqlari tashkilotlarini hujumlarga qat’iy munosabat bildirishga, RSFni “terroristik tashkilot” deb e’tirof etishga hamda ularning ittifoqchilarini “insoniyatga qarshi jinoyatlar” uchun javobgar qilishga chaqirdi.
BMT hujumni qoraladi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar fondi — UNICEF dron hujumini keskin qoralab, uni “bolalar huquqlarining dahshatli buzilishi” deb atadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar orasida besh yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan kamida o‘n nafardan ortiq bola ham bor.
UNICEFning Sudan bo‘yicha vakili Sheldon Yett:
“Bolalar hech qachon mojarolarning narxini to‘lamasligi kerak. UNICEF barcha tomonlarni hujumlarni darhol to‘xtatishga va insonparvarlik yordamining muhtojlarga xavfsiz hamda to‘siqsiz yetib borishini ta’minlashga chaqiradi,” dedi.
U shuningdek:
“Bolalarning o‘ldirilishi yoki nogiron qilib qo‘yilishi, maktablar va shifoxonalarga hujumlar — bularning bari bolalar huquqlarining og‘ir buzilishidir,” deya qo‘shimcha qildi.
UNICEFga ko‘ra, hujum “Kordofan shtatlarida noyabr oyi boshidan buyon xavfsizlikning keskin yomonlashuvi, keng ko‘lamli ko‘chishlar va chuqurlashayotgan gumanitar ehtiyojlar” fonida yuz berdi.
So‘nggi bir oy ichida shimoliy va janubiy Kordofandagi zo‘ravonliklardan 41 mingdan ortiq odam qochib ketgan.
Isyonchi guruh hujum yuzasidan hali izoh bermadi.
Uch Kordofan shtati — Shimoliy, G‘arbiy va Janubiy — so‘nggi haftalarda Sudan armiyasi bilan RSF o‘rtasidagi shiddatli janglarning markazida bo‘ldi. O‘n minglab odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ldi.
RSF Darfur mintaqasidagi besh viloyatning barchasini — faqat Shimoliy Darfurning ayrim qismlari bundan mustasno — nazorat qilmoqda; Sudan armiyasi esa poytaxt Xartum hamda qolgan 13 shtatning aksariyat qismini qo‘lida ushlab turibdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, Sudan armiyasi bilan RSF o‘rtasida 2023 yil aprelida boshlangan to‘qnashuvlarda kamida 40 ming kishi halok bo‘lgan, 12 million kishi esa o‘z uylarini tark etgan.










