SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasida Abu – Dabida uyushtirilgan muzokaralar o‘z nihoyasiga yetdi
Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasida urushni to‘xtatishni ko‘zlagan uch tomonlama ikkinchi bosqich muzokaralar shanba kuni (24.01.2026) Abu - Dabida o‘z nihoyasiga yetdi.
Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasida Abu – Dabida uyushtirilgan muzokaralar o‘z nihoyasiga yetdi
_
25 январ 2026

Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasida urushni to‘xtatishni ko‘zlagan uch tomonlama ikkinchi bosqich muzokaralar shanba kuni (24.01.2026) Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu - Dabida o‘z nihoyasiga yetdi. Ukrainalik bir muzokarachining matbuot xizmati kotibi jurnalistlarga muzokaralar tugaganini tasdiqladi.

Rossiyaning davlat axborot agentligi RIA xabariga ko‘ra Rossiya delegatsiyasi Qurolli kuchlar Bosh shtabi Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Igor Kostyukov boshchiligida joylashgan mehmonxonaga qaytgan. Xabarda, muzokaralarda ishtirok etgan AQSh delegatsiyasi vakillari esa uchrashuvlar ortidan aeroportga yo‘l olgani aytiladi.

Ukrainaning jamoat teleradiokompaniyasi Suspilne ham Kiyev delegatsiyasidagi manbaga tayangan holda, muzokaralar uch soatdan ortiq davom etgani va yakunlanganini tasdiqladi. Hozircha uchrashuvlardan keyin rasmiy bayonot berilmadi.

Biroq Axios muxbiri Barak Ravid «X» ijtimoiy tarmog‘idagi postida ukrainalik rasmiylar muzokaralarni «ijobiy» va «konstruktiv» tusda baholagani ham - da kelasi hafta Abu - Dabida yangi bosqich o‘tkazilishi mumkinligini ifoda etganini ma’lum qildi.

Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov juma kuni (23.01.2026) o‘tkazilgan birinchi bosqich muzokaralar ortidan Facebook tarmog‘ida qoldirgan postda, muzokaralar urushni tinch - totuv yakunlashga doir mezonlarga qaratilganini bildirgan edi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy avvalroq Do‘nbas masalasi uch tomonlama muzokaralarda asosiy mavzulardan biri bo‘lishini ta’kidlagandi.

Kreml Matbuot xizmati kotibi Dmitriy Peskov esa kelasi oy to‘rt yil to‘ladigan mojaroning yechimini ko‘zlagan sa’y - harakatlar ijobiy natija bera boshlaganini qayd etdi. Shuningdek, Peskov o‘tgan yilning avgust oyida AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan yuzma - yuz uchrashuvni nazarda tutgan holda o‘zi «Anchorage formulasi» deb atagan yondashuvni qo‘llash muhimligini ta’kidladi.