Prezidentning aytishicha, Tehron suv omborlari so‘nggi yuz yillikdagi eng past darajaga tushgan va agar yog‘ingarchilik kuzatilmasa, suv taqchilligi yanada kuchayadi.
Pezeshkiyon payshanba kuni Eronning g‘arbiy qismidagi Senendej shahriga tashrifi chog‘ida, hukumat iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy inqirozlar bilan kurashayotganini aytdi.
U “Etemad” gazetasiga bergan izohida, yuqori narxlar va inflyatsiya ichki siyosiy xatolar hamda xalqaro sanksiyalar natijasi ekanini bildirdi:
“Yuqori narxlar uchun mas’uliyat ham parlament, ham hukumat zimmasidadir. Ishlar davom etmoqda, biroq moliyaviy resurslarning kamligi loyihalarning yakunlanishiga to‘sqinlik qilmoqda,” dedi u.
Prezident Eronning kamayib borayotgan yog‘inlar va suv manbalari tufayli tabiiy resurslar inqiroziga yuz tutganini ta’kidlab, shunday dedi:
“Agar yomg‘ir yog‘masa, kelgusi oy Tehronda suv iste’molini cheklashga majbur bo‘lamiz. Qurg‘oqchilik davom etsa, suv tugaydi va biz shaharni evakuatsiya qilishga majbur bo‘lamiz.”
Pezeshkiyon suv va energiya resurslarini yanada samarali boshqarish va himoya qilish zarurligini qayd etdi hamda Tehrondagi vaziyatni “jiddiy xavotirli” deb atadi.
Tehrondagi suv inqirozi
Tehronning suv ta’minoti Lar, Memlu, Amir Kabir, Talegon va Letyan nomli besh yirik suv omboriga tayanadi. Eng kattasi – Amir Kabir omboridir.
So‘nggi besh yil davomida Eron bo‘ylab yog‘ingarchilik keskin kamaydi. Meteorologik ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil Tehronda yog‘in miqdori me’yordan 40 foizga kam bo‘ldi. Bahor va yoz fasllarida deyarli yomg‘ir yog‘magani natijasida omborlardagi suv zaxiralari jiddiy darajada kamaydi, yer usti va yer osti suvlariga ham ta’sir ko‘rsatdi.
20-iyul kuni Tehron Suv boshqarmasi, shaharni ta’minlaydigan suv omborlari yuz yildagi eng past darajaga tushganini e’lon qilgan edi.
Yoz oylarida esa shaharda qisqa muddatli suv uzilishlari allaqachon joriy qilingan.
3-noyabr kuni Suv boshqarmasi rahbari Behzod Parsa, agar qurg‘oqchilik shunday davom etsa, barajlardagi suv Tehron uchun atigi ikki haftalik zaxira ekanini bildirdi.
Prezident Pezeshkiyon ilgari, 23-iyul kuni qilgan chiqishida ham agar inqiroz shu sur’atda davom etsa va samarali choralar ko‘rilmasa, aholiga suv yetkazib berish tez orada imkonsiz bo‘lishi haqida ogohlantirgan edi.













