Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSh) Prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Rossiya–Ukraina urushini yakunlash borasida muhim olg‘a siljish qayd etilganini ma’lum qildi.
Tramp shunday dedi: “Jarayonning 95 foizini muhokama qildik. Aniq foizi nechaligini bilmayman, ammo bu urushni tugatish uchun juda katta ilgarilash bor; bu haqiqatan ham Ikkinchi jahon urushidan beri eng qonli urush, ehtimol Ikkinchi jahon urushidan buyon eng yirik urush.”
Tramp jurnalistlarga, “Agar ishlar juda yaxshi ketsa, balki bir necha hafta davom etar, yomon ketsa esa uzoqroq cho‘ziladi,” dedi.
AQSh prezidenti, shuningdek, urushni tugatish sa’y-harakatlarida bir yoki ikki “juda murakkab masala” qolganini, ulardan biri mojaro davomida allaqachon egallab olingan hududlar bilan bog‘liqligini aytdi.
Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Ukrainaning urushdan keyingi qayta tiklanishini muhokama qilganini va Moskva “energiya, elektr va boshqa narsalarni juda past narxlarda yetkazib berishni ham o‘z ichiga olgan holda” yordam berishini qo‘shimcha qildi.
Tramp so‘nggi tinchlik rejasida ilgarilashga erishish uchun Ukraina parlamentida nutq so‘zlashni taklif qilganini aytib, “Buning haqiqatan zarur-yo‘qligiga ishonchim komil emas, ammo agar bu oyiga 25 ming hayotni saqlab qolishga yordam bersa, yoki har qanday holatda, buni qilishga albatta tayyorman,” dedi.
Zelenskiy
Zelenskiy Tramp va yevropalik yetakchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardan so‘ng, “Muhokama qilingan barcha masalalarni yakunlash uchun jamoalarimiz kelgusi haftalarda bir araya kelishi borasida kelishib oldik,” dedi.
Zelenskiy, shuningdek, Tramp yanvar oyida Vashingtonda ukrainalik va boshqa yevropalik yetakchilarni qabul qilishini bildirdi.
Tramp Zelenskiyni qariyb to‘rt yildan beri davom etayotgan mojaroni yakunlash rejasini muhokama qilish uchun Florida shtatining Palm-Bich shahridagi Mar-a-Lago qarorgohida qabul qildi.
Zelenskiy AQShning shimoliy qo‘shnisi Kanada tashrifidan so‘ng yakshanba kuni AQShga yetib keldi.
Bu orada, Vladimir Putinning maxsus vakili Kirill Dmitriev dunyo Trampning tinchlik borasidagi sa’y-harakatlarini qadrlayotganini aytdi.
Rossiyaning xorijiy mamlakatlar bilan investitsiya va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha maxsus vakili Dmitriev X ijtimoiy tarmog‘ida yozgan xabarida, “Butun dunyo Prezident Tramp va uning jamoasining tinchlik sa’y-harakatlarini qadrlamoqda,” dedi.
















