SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Suriya parlamenti yangi davrni boshladi
Ahmad al - Shara yangi saylangan parlamentning ilk yig‘ilishi o‘tkazilishi munosabati bilan mamlakat tarixida «yangi sahifa» ochishga chaqirdi.
Suriya parlamenti yangi davrni boshladi
_

Suriya Prezidenti Ahmad Shara yangi saylangan parlamentning ilk yig‘ilishi o‘tkazilishi munosabati bilan mamlakat tarixida «yangi sahifa» ochishga chaqirdi.

Suriya Arab axborot agentligi (SANA) xabariga ko‘ra Shara yakshanba kuni Xalq majlisidagi nutqida: «Bugun Suriya o‘z sivilizatsiyasi, qadriyatlari va tarixiy merosini aks ettiradigan yangi sahifani ochmoqda. Keling, birgalikda zamonaviy Suriya tarixini bunyod etaylik», — dedi.

Shara o‘z nutqida muloqot, qonun ustuvorligi va davlat institutlariga hurmat tamoyillarini ilgari surgan holda deputatlarni parlamentni mas’uliyat va salohiyat borasida namuna bo‘ladigan tuzilmaga aylantirishga chaqirdi.

Suriya Prezidenti Ahmad Shara 1 - iyul kuni parlamentga tayinlangan 70 nafar deputatning ismlarini e’lon qilgan edi. Shu tariqa parlamentning ilk yig‘ilishini o‘tkazishga yo‘l ochildi.

Mamlakat parlamenti saylov qo‘mitasi raisi chorshanba kuni Xalq majlisi 210 nafar a’zodan iborat ekanini ma’lum qildi. Ularning uchdan bir qismi prezident tomonidan tayinlandi, qolgan uchdan ikki qismi esa o‘tgan yili prezident farmoni bilan belgilangan yakuniy tuzilma asosida hududiy saylov qo‘mitalari tomonidan saylandi.

Mazkur yig‘ilish 2024 - yilning oktabr oyida Bashar al - Asad rejimi ag‘darilganidan buyon o‘tkazilgan ilk parlament majlisi bo‘ldi.

Prezident farmoniga ko‘ra, tayinlangan 70 nafar deputatning 15 nafari ayollardan iborat.

Xalq majlisi Bosh kotibi Muhammad Hamza Shmutning ma’lum qilishicha tayinlanganlar orasida 23 nafar taniqli jamoat arbobi hamda 47 nafar turli soha mutaxassisi va kasb egasi bor. Jamoat arboblarining 12 nafari magistr, 17 nafari esa doktorlik ilmiy darajasiga ega.

Suriya 2024 - yili Asad rejimi qulaganidan so‘ng boshlangan, to‘rt yil deb belgilab olingan va zarurat tug‘ilganda uzaytirilishi mumkin bo‘lgan siyosiy o‘tish davri doirasida ilk parlament saylovlarini o‘tkazdi.

Xalq majlisi qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish, amaldagi qonunlarga o‘zgartirish kiritish yoki ularni bekor qilish, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish, davlat budjetini tasdiqlash hamda umumiy afv to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilish vakolatiga ega.