DUNYO
2 daqiqa o'qish
Afg‘onistonda bolalar ocharchilik xavfi ostida
Afg‘onistonda bolalar ocharchilik xavfi ostida va bu holat oktabr oyiga qadar yanada yomonlashishi mumkinligi qayd etilmoqda.
Afg‘onistonda bolalar ocharchilik xavfi ostida
_

Jahon oziq - ovqat dasturi tomonidan berilgan yozma bayonotda, Afg‘onistondagi bolalarning uchdan biri og‘ir darajadagi to‘yib ovqatlanmaslik xavfi ostida ekani hamda vaziyat oktabr oyiga qadar yanada yomonlashishi mumkinligidan xavotirda ekanligi qayd etildi.

Bayonotda mamlakatning 12 viloyati og‘ir xavf chegarasiga yetgani, bu esa hayotni saqlab qoluvchi davolash choralariga zudlik bilan ehtiyoj borligini anglatishi ta’kidlandi.

Unda: “Shoshilinch yordam bo‘lmasa, Jahon oziq - ovqat dasturi va uning hamkorlari yanada ko‘proq bolalarning og‘ir to‘yib ovqatlanmaslik holatiga tushib qolishining oldini ololmaydi. Bu esa yaqin oylarda bolalar hayotini xavf ostiga qo‘yadi”, - deyiladi.

Bayonotda fikrlariga o‘rin berilgan Jahon oziq - ovqat dasturining Afg‘oniston bo‘yicha direktori, mamlakatdagi sog‘liqni saqlash markazlari to‘yib ovqatlanmagan bolalarning yig‘i - sadosi bilan to‘lganini ta’kidlab, shunday dedi:

“Hozir hosil yig‘im - terimi mavsumi, ya’ni mo‘l - ko‘lchilik davri bo‘lishiga qaramay, butun bir avlodning so‘lib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu nafaqat yurakni ezadigan, balki mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holatdir”.

3,7 million bola to‘yib ovqatlanmayapti

Jahon oziq - ovqat dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 3,7 million bola to‘yib ovqatlanmayapti. Shuningdek, 1,2 million nafar homilador va emizikli ayol ham to‘yib ovqatlanmayotgani taxmin qilinmoqda.

Jahon oziq - ovqat dasturi oziqlanish bo‘yicha davolash va to‘yib ovqatlanmaslikning oldini olish xizmatlarini davom ettirish uchun kelgusi olti oy ichida 540 million AQSh dollari miqdorida shoshilinch mablag‘ zarurligini ma’lum qildi.