Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan yakshanba kuni (25.01.2026) bergan bayonotida, Yevropa ittifoqining siyosiy tafakkuri tubdan o‘zgarmagunga qadar Turkiyaning Yevropa ittifoqi tarkibiga kirishi murakkabligicha qolishini qayd etib; Bryusselni Turkiyani shaxsiyat, din va sivilizatsiya asosida jarayondan chetlatishda aybladi.
Hakan Fidan Sky News Arabia telekanaliga bergan intervyusida, Turkiya bilan Yevropa ittifoqi o‘rtasida misli ko‘rilmagan darajada umumiy manfaatlar bo‘lishiga qaramay, masalada oldinga siljishga to‘sqinlik qilayotgan yana - da chuqur va ildizli to‘siq borligini ta’kidladi.
Fidan mavzu haqida: «Yevropa ittifoqi Turkiyaga nisbatan hozirgi siyosiy munosabatini saqlab qolar ekan, Turkiyaning YI tarkibiga kirishini tasavvur ham qila olmayman», - degan holda nomi tilga olingan boshi berk ko‘cha siyosiy kelishmovchiliklarga qaraganda ko‘proq tafakkur va mafkura bilan aloqali ekanini urg‘uladi.
Shaxsiyatga asoslangan siyosatlarTurkiyaning a’zolik yo‘lini to‘smoqda
Hakan Fidan Yevropa ittifoqining Turkiyaga munosabati, uning ta’biri bilan aytganda, «shaxsiyat siyosati tafakkuri»dan kelib chiqishi va bu holat Turkiyaning rasmiy ravishdagi a’zolik mezonlari talablariga javob bersa ham ittifoqqa qo‘shilishini amalda imkonsiz qilayotganini ifoda etdi. Turkiya 20 yildan ortiq vaqtdan beri rasmiy ravishda YI nomzodi bo‘lsa - da; inson huquqlari, boshqaruv standartlari va mintaqaviy geosiyosiy kelishmovchiliklar borasidagi xavotirlar sabab a’zolik muzokaralari bir necha bor to‘xtab qolgan.
Fidanga ko‘ra bu boshi berk holat YI - ning Turkiyani haqiqiy integratsiya bilan mos kelmaydigan doira orqali baholashi natijasida yuzaga kelgan kengroq siyosiy va madaniy muammolarni aks ettiradi.
Yevropa ittifoqining integratsiya jarayoni sivilizatsiyalar xilma - xilligini o‘z ichiga ololmadi
Yevropa loyihasini tanqid qilgan Hakan Fidan Yevropa ittifoqining milliy davlatlar vakolatlaridan yuqoriroq bo‘lgan supranatsional tizimni barpo etishdagi muvaffaqiyatini tan oldi ammo bu muvaffaqiyat haqiqiy sivilizatsion xilma - xillikni qamrab olishda yetarli emasligini ta’kidladi.
Hakan Fidan: «YI supranatsional institut bo‘la oldi ammo sivilizatsiyalar usti institutga aylana olmadi», - degan holda Turkiyaning chetlatilishi diniy va sivilizatsion farqlar haqidagi tasavvurlardan kelib chiqayotganini bildirdi.
Muammoni bajarilmagan texnik mezonlardan ko‘ra shaxsiyat masalasi sifatida ko‘rgan Fidan, Turkiyaning a’zolik arizasi to‘xtab qolishining zamirida siyosiy kamchiliklar emas, balki madaniy chegaralar yotganini ilgari surdi.
Global tartib sivilizatsiyalararo inklyuzivlikka bog‘liq
Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Turkiyaning YI a’zoligidagi boshi berk holatini global muammolar bilan bog‘lab, dunyoning eng dolzarb masalalarini chetlashtiruvchi yondashuvlar bilan hal qilib bo‘lmasligini ta’kidladi. Hakan Fidan buning o‘rniga turli sivilizatsiyalarni birlashtiradigan inklyuziv hamkorlik modellariga chaqirdi.
Insoniyat kelajagi turli sivilizatsiyalarning yagona umumiy muhit doirasida birga yashay olish qobiliyatiga bog‘liq ekanini qayd etgan Hakan Fidan, Yevropa ittifoqi Turkiya bilan munosabatlarda bu idealga erisha olmaganini o‘z so‘ziga ilova etdi.





















