Yohannesburgdagi qurolli hujumda kamida 12 kishi halok bo‘ldi.
Janubiy Afrika politsiyasining chorshanba kuni ma’lum qilishicha, seshanba oqshomida Yohannesburg sharqidagi Klivlend hududida joylashgan norasmiy aholi punktida noma’lum qurolli shaxslar tomonidan o‘t ochilishi natijasida kamida 12 kishi halok bo‘ldi, 9 kishi esa tan jarohati oldi.
Politsiya bayonotiga ko‘ra, "Jumpers" deb nomlanuvchi ushbu norasmiy aholi punktiga qilingan hujumdan so‘ng, voqeaga aloqador 10 dan ortiq gumonlanuvchini qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli qidiruv operatsiyasi boshlangan.
Huquq-tartibot idoralari taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlarning 9 nafari erkak va 3 nafari ayoldir. Ulardan 11 nafari hodisa joyida vafot etgan, yana bir nafar jabrlanuvchi esa shifoxonaga yetkazilgach, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay jon taslim qilgan. Hozircha qurolli hujum qanday sabab va motivlar asosida sodir etilgani noma’lumligicha qolmoqda.
Politsiya xabarida aytilishicha, jinoyatni sodir etgan shaxslar oq rangli Toyota Quantum rusumli avtomobilda kelib, aholi punktiga ikki xil kirish nuqtasidan bostirib kirishgan. Ular bir nechta joyda tartibsiz ravishda o‘q uzgach, yana o‘sha mashinada voqea joyidan qochib ketishgan.
Ma’lumot o‘rnida, Janubiy Afrika Respublikasi dunyodagi eng yuqori qotillik ko‘rsatkichlariga ega mamlakatlardan biri bo‘lib, bu yerda har kuni o‘rtacha qariyb 60 ta qotillik jinoyati sodir etiladi.










