AQSH Iroqdagi qurolli guruh yetakchisi uchun 10 million dollar mukofot e’lon qildi
AQSH Davlat departamenti Iroqdagi, Eron bilan aloqadorlikda ayblanuvchi “Kataib Sayyid al-Shuhado” (KSS) qurolli guruhi yetakchisi haqida ma’lumot berganlarga 10 million dollargacha mukofot taklif qilmoqda. Vashington ushbu guruhni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan.
Payshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarda AQSH rasmiylari KSS yetakchisi, shuningdek, Abu Alo al-Valai nomi bilan ham tanilgan Hoshim Finyan Rahim al-Sarojiy haqida ma’lumot qidirilayotganini bildirdi.
Ayblovlar va xavfsizlik choralari
Rasmiy xabarda qayd etilishicha, mazkur guruh:
Iroq fuqarolarini o‘ldirishda;
AQSHning Iroqdagi diplomatik muassasalariga hujum qilishda;
Iroq va Suriyadagi AQSH harbiy bazalari hamda xodimlariga zarba berishda ayblanmoqda.
E’longa ko‘ra, Al-Sarojiyning qayerdaligi haqida ma’lumot bergan shaxslar boshqa xavfsiz joyga ko‘chirilish va pul mukofotini olish huquqiga ega bo‘lishi mumkin. Ta’kidlash joizki, Al-Sarojiy Iroq parlamentidagi ko‘pchilikni tashkil etuvchi “Muvofiqlashtiruvchi tuzilma” (Coordination Framework) alyansi tarkibida ham o‘rin egallaydi.
Mintaqadagi vaziyat va sanksiyalar
Eron bilan aloqador deb ko‘riluvchi guruhlar Bag‘doddagi AQSH elchixonasi, xalqaro aeroportdagi logistika markazi va xorijiy kompaniyalar nazoratidagi neft konlariga hujumlar uyushtirib kelmoqda. O‘n yillik mojarolardan so‘ng endigina barqarorlikka erishayotgan Iroq, joriy yilning 28-fevralida AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari boshlanishi bilan yana Yaqin Sharqdagi urush girdobiga tortildi.
Shu oy boshida AQSH “Kataib Hizbulloh” yetakchisi uchun ham shunga o‘xshash mukofot e’lon qilgan edi. Mazkur guruh o‘tgan oy AQSHlik jurnalist Shelli Kittlsonni (Shelly Kittleson) asirga olib, bir haftadan so‘ng ozod qilgan edi.
O‘tgan hafta AQSH Iroqdagi yetti nafar militsiya qo‘mondoniga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Moliya vazirligi bayonotida ushbu shaxslar quyidagi guruhlarning yetakchilari ekani aytilgan:
Kataib Hizbulloh;
Kataib Sayyid al-Shuhado;
Harakat al-Nujaba;
Asoib Ahl al-Haqq.











