Rossiya shanba kuni AQSh ma’muriyatini Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha har qanday kelishuvda "jang maydonidagi real vaziyatni" hisobga olishga chaqirdi va frontdagi holat Kiyev ziyoniga o‘zgarayotganini da’vo qildi.
"Asosiy savol shundaki, AQSh ma’muriyati hozirgi inqirozni amaldagi voqelikni inobatga olgan holda haqiqiy yechim bilan hal etish uchun qanchalik siyosiy iroda ko‘rsatishga tayyor?", — dedi Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov «TASS» axborot agentligiga bergan intervyusida.
Ryabkov bu bayonotni AQShning maxsus elchisi Stiv Vitkoff va AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushnerning Moskvaga ehtimoliy tashrifi haqidagi savolga javob berar ekan bildirdi.
Juma kuni Donald Tramp o‘z elchilari Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik bitimini imzolashga erishish maqsadida xorij safariga jo‘nab ketayotganini ma’lum qilgan edi.
"Men ikki nafar ajoyib muzokarachi — Stiv Vitkoff va Jared Kushnerni yubordim. Ular a’lo darajada faoliyat olib borishdi va biz ularni biror kelishuvga erishish imkoniyatlarini o‘rganish uchun jo‘natdik. Bu borada muvaffaqiyat qozonishimiz uchun yaxshi imkoniyat bor", — degan edi Tramp.
Mazkur tinchlik tashabbuslari Yaqin Sharqda Vashington va Eron o‘rtasidagi urush soyasida kechayotgan bo‘lsa-da, Moskva va Kiyev uzoq masofali zarbalarni keskin kuchaytirdi. Bu esa tinch aholi orasidagi qurbonlar sonini mojaro boshlangandan buyon eng yuqori darajaga ko‘tardi.
Ma’lumot o‘rnida, Vitkoff va Kushner bundan avval G‘azo hamda Eron atrofidagi to‘qnashuvlarni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda ham ishtirok etishgan hamda diplomatik sa’y-harakatlar doirasida Moskvaga bir necha bor safar qilishgan.
Ushbu qadam Vashingtonning 2022-yilda Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan keng ko‘lamli urush tufayli yuzaga kelgan va Ikkinchi jahon urushidan buyon Yevropadagi eng qonli mojaro hisoblangan inqirozdagi diplomatik turg‘unlikni buzishga bo‘lgan so‘nggi urinishidir.






















