TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya G20 sammitida global barqarorlikka sodiqligini namoyish etdi
Prezident Erdo'g'an Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan Katta yigirmatlik – G20 sammitida nutq so'zladi.
Turkiya G20 sammitida global barqarorlikka sodiqligini namoyish etdi
Turkiya mintaqaviy tinchlik va COP31 yetakchiligi borasida faollashmoqda, — dedi Kommunikatsiyalar boshlig‘i Duran G20 sammitidan so‘ng. / AA
24 ноябр 2025

Turkiya hafta oxirida Janubiy Afrikada o‘tkazilgan G20 sammitida mintaqaviy tinchlik va jahon iqtisodiy barqarorligiga qat’iy sodiqligini ta’kidlaganini Turkiya Bosh kommunikatsiyalar kotibi Burhanettin Duran ma’lum qildi.

Duran yakshanba kuni Turkiyadagi NSosyal ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an sammit sessiyalari, matbuot anjumanlari va ko‘plab ikki tomonlama uchrashuvlarda Ankaraning nuqtai nazarini samarali tarzda yetkazgan, mudofaa, savdo, energetika, texnologiya va aviatsiya sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.

U mamlakatning diplomatik ta’siri ortayotganini va Erdo‘g‘anning G‘azodagi gumanitar inqirozga urg‘u berib, jahon miqyosida chora ko‘rish zarurligini ta’kidlaganini qayd etdi.

Shuningdek, Turkiyaning Ukraina va Rossiya mojarosiga konstruktiv yondashuvi hamda global iqtisodiyotning yanada keng qamrovli va inklyuziv bo‘lishi bo‘yicha chaqiriqlari ham ta’kidlangan, dedi u.

Turkiya COP31 sammitiga mezbonlik qiladi

Kelajakka nazar tashlar ekan, Duran Turkiyaning navbatdagi raisligi va keyingi yil noyabr oyida BMT iqlim o‘zgarishi konferentsiyasi COP31ga mezbonlik qilishini eslatdi.

U Turkiya iqlim bo‘yicha chora-tadbirlar sohasida yetakchi ishtirokchi ekanini, 2053 yilga qadar sof nol emissiya maqsadi va Nol chiqindilar harakati kabi tashabbuslar mamlakatning barqaror rivojlanishga sodiqligini namoyish etishini bildirdi.

“Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdo‘g‘an tomonidan belgilangan 2053 yilga qadar sof nol emissiya maqsadi dunyoga Turkiyaning nafaqat hozirni, balki kelajakni ham hisobga olgan rivojlanish yondashuvini qabul qilayotganini ko‘rsatadi. Energetikadan transportgacha, shaharsozlikdan ishlab chiqarishga qadar barcha siyosat sohalarida yashil transformatsiyani ustuvor qilib qo‘ygan bu qarash COP31 jarayoni uchun kuchli yetakchilik poydevorini yaratadi,” dedi u.

“Birinchi xonim Emine Erdo‘g‘an tashabbusi bilan global atrof-muhit harakatiga aylangan Nol chiqindilar tashabbusi ham yashash uchun qulayroq dunyo yo‘lida eng ilhomlantiruvchi muvaffaqiyat hikoyalaridan biridir. Chiqindilarni kamaytirish, resurslardan samarali foydalanish va tabiatga hurmat bilan munosabat ko‘rsatish madaniyatini targ‘ib qilish COP31 ruhiga mukammal mos keladi,” dedi u.

“Men ishonamanki, mamlakatimizdagi bu tarixiy yig‘ilish iqlim diplomatiyasining yuragi Anatoliyada uradigan va global yechimlar Turkiyadan yangraydigan jarayon bo‘ladi,” deb qo‘shimcha qildi u.