AQSh bilan Eron o‘rtasidagi muzokaralar haqidagi savolga javob bergan Hakan Fidan, «Har ikki tomon ham ijobiy natijaga erishishni istamoqda. Kelishuv har qachongidan ham yaqin», — dedi.
Fidanning ta’kidlashicha, AQSh, Isroil va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgach; muzokaralar asosiy e’tiborni Ho‘rmuz bo‘g‘oziga qaratgan.
Uning aytishicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda blokadaga olinishi ham AQSh, ham Eron uchun katta bosim yaratmoqda va bu holat xalqaro miqyosda ham juda katta ta’sirga ega. Shu sababli mazkur masala hatto yadroviy dastur bilan bog‘liq muammolardan ham ustuvor ahamiyat kasb etgan.
AQSh Prezidenti Donald Trampning Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirligi, Qatar va boshqa mintaqa davlatlarining Abraham kelishuviga qo‘shilishi haqidagi taklifi yuzasidan berilgan savolga javob tariqasida Hakan Fidan, Turkiyaning 2023 - yilning 7 - oktabridan avval Isroil bilan bo‘lgan tarixiy va savdo aloqalariga e’tibor qaratdi.
«Isroil ko‘proq hududlarni ko‘zlamoqda»
Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan shunday dedi: «Biz Isroil bilan savdoni to‘xtatganimizda Turkiya o‘z pozitsiyasini juda aniq ifoda etdi: Isroil falastinliklarni o‘ldirishni va G‘azo aholisining oziq - ovqat, boshpana, dori - darmon hamda suv kabi asosiy insonparvarlik ehtiyojlaridan foydalanishiga to‘sqinlik qilishni bas qilishi kerak. Agar bu talablar bajarilsa, odatiy hayotga qaytishimiz mumkin, bunda hech qanday muammo yo‘q. Biz ikki davlat asosidagi yechimga erishishni istaymiz».
Isroillik siyosatchilarning Turkiyaga kelajakdagi ehtimoliy strategik tahdid sifatida qarayotgani haqidagi bayonotlar ustidan berilgan savolga javob bergan Fidan G‘azo, G‘arbiy Sohil, Suriya va Livandagi vaziyatni yodga solib, quyidagilarni ta’kidladi:
«Afsuski, Isroil ichki siyosatida mintaqaviy maqsadlarni amalga oshirish uchun doimiy ravishda dushman obraziga ehtiyoj seziladi. Biroq hamma yaxshi biladiki, Isroil faqat o‘z xavfsizligini ta’minlashni emas, balki ko‘proq hududlarni egallashni ham ko‘zlamoqda».
Hakan Fidan xalqaro hamjamiyat Isroilning nafaqat mintaqaviy, balki global tartibni ham yanada beqarorlashtirishiga yo‘l qo‘ymasligi kerakligini alohida ta’kidlab o‘tdi.




















