Rossiyaning yirik havo hujumi oqibatida Ukrainada qurbonlar soniga doir ma’lumotlar yangilandi
Ukraina huquq-tartibot idoralari seshanba tongida Rossiya tomonidan yo‘llangan raketa va dron zarbalari Kiyev hamda boshqa shaharlarni nishonga olgani, oqibatda kamida 11 kishi halok bo‘lib, 100 dan ortiq inson jarohatlanganini bildirdi. Ushbu hujum Moskva tomonidan bir necha kun davomida yirik zarbalar rejalashtirilayotgani haqida berilgan ogohlantirishlardan so‘ng sodir bo‘ldi.
Poytaxtdagi jurnalistlar tunda shahar uzra havo trevogasi signallari yangraganini xabar qildi. Ketma-ket yuz bergan kuchli portlashlar sababli aholi zaruriy buyumlar va adyollarini olgancha gavjum metro bekatlariga panoh izlab qochishga majbur bo‘lgan.
Ukraina Harbiy-havo kuchlari bergan bayonotga ko‘ra, Rossiya jami 73 ta raketa va 656 ta dron uchirgan bo‘lib, ulardan 40 ta raketa va 602 ta dron havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan yo‘q qilingan.
Moskva 2022-yilning fevralida keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan buyon Ukrainani deyarli har kuni bombardimon qilib kelmoqda. Ushbu urush Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa tuprog‘idagi eng qonli to‘qnashuvga aylandi; uning oqibatida yuz minglab odamlar halok bo‘ldi, millionlab insonlar esa mamlakat ichkarisida yoki xorijga ko‘chib ketishga majbur bo‘ldi.
Rossiya tomoni seshanba kuni gipertovushli raketalar ham qo‘llangan holda ulkan zarba berilganini va Ukrainaning harbiy-sanoat majmuasi nishonga olinganini ma’lum qildi. Rasmiy Moskva o‘z qurolli kuchlari tinch aholini nishonga olmayotganini da’vo qilmoqda.
Biroq Kiyev shahar harbiy administratsiyasi rahbari Vitaliy Klichko poytaxtning o‘zida to‘rt kishi halok bo‘lganini, ikki nafari bola bo‘lgan kamida 65 kishi jarohatlanganini aytdi. Mamlakat janubidagi sanoat markazi hisoblangan Dnipro shahrida esa mahalliy hokimiyat organlari yetti kishi qurbon bo‘lgani va 35 ga yaqin kishi yaralanganini bildirdi.
Jurnalistlar tong saharda Kiyev osmonida portlashlar va ulkan tutun bulutlarini kuzatishdi. Qutqaruvchilar hujum oqibatida vayron bo‘lgan ko‘p qavatli uylar vayronalari ostidan odamlarni qidirish va hududni tozalash ishlarini olib bormoqda. Hujumlar sababli poytaxtning kamida bir qismida elektr ta’minoti uzilgan.
Sharqda, Rossiya chegarasiga yaqin joylashgan Xarkov shahrida ham mer Igor Terexovning so‘zlariga ko‘ra, bir nafari bola bo‘lgan 15 kishi yaralangan.
Moskva: "Bu Kiyevning terrorchilik harakatlariga javob zarbasi"
Rossiya Mudofaa vazirligi seshanba kungi tungi zarbalarni Ukrainaning Rossiya ichkarisidagi obyektlarga qarshi amalga oshirgan "terrorchilik harakatlari"ga javob deb atadi va hujumda ukrain armiyasining bir qator harbiy infratuzilmalari nishonga olinganini ta’kidladi.
"Kiyev rejimining terrorchilik harakatlariga javoban, tungi soatlarda Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari uzoq masofali, yuqori aniqlikdagi havo, quruqlik va dengiz bazasidagi qurollardan foydalangan holda keng ko‘lamli zarba berdi", — deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotida.
Rossiya tomonining da’vo qilishicha, Kiyev, Zaporojye va Xarkov kabi yettita viloyatga gipertovushli raketalar va dronlar bilan berilgan zarbalar natijasida Ukraina Qurolli Kuchlari uchun muhim bo‘lgan yoqilg‘i, transport infratuzilmalari hamda harbiy aerodromlar muvaffaqiyatli yo‘q qilingan.
Kreml o‘tgan haftada Kiyevdagi obyektlarga "tizimli zarbalar" boshlanishi haqida ogohlantirgan edi. Moskva buni Rossiya nazoratidagi Lugansk shahrida talabalar turar joyiga berilgan va 21 kishining hayotiga zomin bo‘lgan ukrain dronlari hujumiga javob ekanini qayd etdi. Ukraina esa ushbu hududda talabalar yotoqxonasi emas, balki dronlarni boshqarish markazi nishonga olinganini ma’lum qilgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin dushanba oqshomida Kiyevning yotoqxonaga va keyinchalik Xerson viloyatining Rossiya nazoratidagi qismidagi turar joy binosiga bergan zarbalari bilan "jinoyatlar zanjirida yangi sahifa ochilganini" aytdi. Shunga qaramay, har ikki tomon ham tinch aholini qasddan nishonga olayotganini inkor etib keladi.
"Hayotingizni asrang"
Shu bilan birga, Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Kursk viloyati gubernatori Aleksandr Xinshteyn ukrain droni hujumi oqibatida bir kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Krasnodar o‘lkasidagi tezkor shtab esa Telegram orqali bergan xabarida, yana bir dron janubi-g‘arbdagi neftni qayta ishlash zavodida yong‘in keltirib chiqarganini bildirdi.
Ukrainaga berilgan ushbu yirik zarbalar, prezident Volodimir Zelenskiyning juma kuni bergan bayonotidan keyinga to‘g‘ri keldi. Zelenskiy: "Rossiya yangi keng ko‘lamli zarbaga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida razvedka ma’lumotlariga egamiz", — deya aholini "hayotingizni asrang" deb ogohlantirgan edi.
"Iltimos, havo trevogasi signallariga e’tibor bering, hayotingizni asrang. Xizmatlarimiz samarali ishlamoqda va shay holatda; Harbiy-havo kuchlari hamda osmonimizni himoya qilayotgan boshqa bo‘linmalar 24/7 rejimida doimiy navbatchilikda turibdi", — degan edi Ukraina rahbari.
Ukraina prezidenti xalqaro ittifoqchilardan Rossiyaning ballistik raketalarini urib tushirishga qodir bo‘lgan "Patriot" zenit-raketa majmualarini yetkazib berish va ularni moliyalashtirishni yana bir bor talab qildi. U o‘tgan hafta AQSh Prezidenti Donald Tramp va AQSh Kongressiga yo‘llagan maktubida ruslarning kuchayayotgan havo hujumlariga qarshi turish uchun aynan ushbu tizimlarni so‘ragan.
Ukraina ham ruslarning kundalik bombardimonlariga javoban okkupatsiya qilingan hududlar va Rossiya ichkarisidagi obyektlarga qarshi zarbalarini jadallashtirgan.














