DUNYO
3 daqiqa o'qish
Eron Saudiya Arabistonining ayblovlarini rad etib, vositachilikni taklif qildi
Tehron ma’muriyati husiylarni qurollantirayotgani va Saudiya Arabistoniga hujum qilishga undayotgani haqidagi Riyod bayonotlarini rad etdi.
Eron Saudiya Arabistonining ayblovlarini rad etib, vositachilikni taklif qildi
Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahri janubidagi neft inshootida yuz bergan yong‘indan quyuq tutun ko‘tarilmoqda. / AP Archive

Saudiya Arabistoni husiylarning mamlakatga qarshi so‘nggi hujumlari kuchayishida Tehronning roli borligini bildirganidan bir kun o‘tib, Eron Yamandagi husiylar hujumlariga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy juma kuni bergan bayonotida: “Eron Islom Respublikasi Yamandagi husiylar amaliyotlarida biror rol o‘ynayotgani haqidagi barcha da’volarni rad etadi”, dedi.

Baqoiy husiylar o‘z manfaatlari va baholaridan kelib chiqib harakat qilayotganini bildirib, Eronning hujumlarga aloqadorligi haqidagi da’volar ishonarli emasligini ta’kidladi. U Tehron keskinlikning kuchayishini hech bir tomon manfaatiga mos deb hisoblamasligini ham qo‘shimcha qildi.

Yamandagi fuqarolar urushi iyul oyida yana avj olganidan buyon Eron bilan ittifoqchi bo‘lgan husiylar Qizil dengizdagi neft tankerlari, neft inshootlari va Riyod xalqaro aeroporti kabi Saudiya Arabistonidagi nishonlarga bir necha bor hujum uyushtirdi. O‘tgan hafta aeroportga uyushtirilgan birgina hujumda 13 kishi halok bo‘ldi. Riyod ma’muriyati aeroportlarga qilingan hujumlarda jami 19 kishi halok bo‘lgani, 360 dan ortiq kishi yaralanganini ma’lum qildi.

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi harbiy koalitsiya o‘n yildan ortiq vaqtdan beri Yamanning xalqaro miqyosda tan olingan hukumatini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Husiylarning Saudiya Arabistoniga hujumlari davom etayotgan bir paytda, koalitsiya juma kuni yana raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlari urib tushirilganini bildirdi.

Bir kun avval Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi vakili Eron hujumlarning kuchayishini “rag‘batlantirayotganini” da’vo qilgan, Tehron esa bu ayblovni rad etgan edi.

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirining jamoatchilik diplomatiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Raid Krimli so‘nggi to‘qnashuvlar boshida husiylar Ummon davlatida muzokaralar o‘tkazish taklifini rad etganini aytgandi.

Baqoiy esa Eronning ikki tomon o‘rtasida vositachilik qilish taklifini takrorlab, Tehron “jangovar harakatlarning tugashiga yordam berish uchun har doim xayrixohlik tashabbuslarini ilgari surishga tayyor” ekanini bildirdi.

Ballistik raketa urib tushirildi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi harbiy koalitsiya matbuot kotibi juma kungi bayonotida: “Janubiy hudud va Riyodda uchta uchuvchisiz uchish apparatini, Qizil dengiz ustida esa ikkita qanotli raketani tutib olib, yo‘q qildik”, dedi.

“So‘nggi soatlarda Yanbu ustida yana bir ballistik raketani tutib olib, yo‘q qildik”, deya qo‘shimcha qildi matbuot kotibi. Qizil dengiz sohilidagi Yanbuda muhim neft quvurining dengizga chiqish terminali joylashgan.

Husiylar sentabr oyida Yamanda boshlagan kutilmagan hujum davomida Qizil dengiz sohilidagi, jahon dengiz tashuvlarining muhim o‘tish yo‘llaridan birini nazorat qilish imkonini beruvchi strategik hududlarni hukumat kuchlaridan tortib olganidan keyin hujumlar ko‘paydi.

Dunyodagi eng yirik neft eksportchisi bo‘lgan Saudiya Arabistoniga bosim global energiya bozorlari allaqachon larzaga kelgan bir davrda kuchaydi. Eron fevral oyida o‘ziga qarshi boshlangan keng ko‘lamli AQSh–Isroil urushi paytida Hormuz bo‘g‘ozini yopgan edi.

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Krimli payshanba kuni Eronni “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi qarorlarini buzgan holda husiylarni qurollantirish, tayyorlash va qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishda” aybladi.

Yaman hukumat kuchlari husiylar egallagan hududlarni qaytarib olish maqsadida Saudiya Arabistonining havodan ko‘magi bilan qarshi hujum boshladi. Biroq hukumat kuchlari hozircha husiylar qo‘lga kiritgan hududlarni qaytarib ololmadi.

Yaman hukumatining vaqtinchalik poytaxti Adandagi mahalliy xavfsizlik idorasi juma kuni ikkita raketa shahardagi aeroport hududiga tushganini ma’lum qildi.

Bayonotda bu “bir haftadan kam vaqt ichida yuz bergan ikkinchi shunday hodisa” ekani qayd etilib, hujumda hech kim halok bo‘lmagani bildirildi.

Bir kun avval esa husiylar Adandagi prezident saroyiga halokatli raketa hujumi uyushtirdi. Sog‘liqni saqlash vazirining ma’lumotiga ko‘ra, hujumda besh kishi halok bo‘ldi, 16 kishi yaralandi.

Yaman bosh vaziri Shaya az-Zindoniy X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida hujumni “qo‘rqoqlik” deb atab, bu “husiylarning jinoiy harakatlari davomi” ekanini bildirdi.

Ismi oshkor etilmasligi sharti bilan gapirgan hukumat vazirlaridan biri husiylar saroy majmuasida joylashgan Yaman kuchlari hamda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya kuchlariga tegishli qo‘mondonlik markazlariga zarba berganini aytdi.

Husiylarga qarashli ommaviy axborot vositalari esa hujum Adandagi Al-Maashiq saroyida joylashgan, saudiyalik zobitlar boshqaradigan harbiy amaliyotlar shtabini nishonga olganini xabar qildi.