Diplomatik manbalarning bildirishicha, Hakan Fidan Misr, Pokiston va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlarining uchinchi yigʻilishiga mezbonlik qilgan. Manbalar Fidanning ushbu uchrashuvni juma kuni 5-Antalya diplomatiya forumi bilan bir vaqtda oʻtkazganini aytdi, biroq boshqa tafsilotlar bilan boʻlishmadi.
Dunyo yetakchilari va hukumatning yuqori martabali mulozimlari, bu yil global noaniqliklarni boshqarishga bagʻishlangan yirik xalqaro anjuman — Antalya diplomatiya forumi uchun jumadan yakshanbagacha Turkiyada toʻplandilar. Forum Prezident Rejep Tayyip Erdo’gʻan homiyligida va Tashqi ishlar vazirligi mezbonligida oʻtkazilmoqda. Bu yilgi mavzu “Ertangi kunni rejalashtirish, noaniqliklarni boshqarish” deb belgilangan.
Hamkasblari bilan uchrashuv oʻtkazishdan oldin Fidan forum ishtirokchilariga mintaqadagi “yongʻinni oʻchirish” naqadar muhimligini soʻzladi va erishilgan sulhning doimiy tinchlikka aylanishiga umid bildirdi.
Fidan oʻz nutqida: “Erishilgan oʻt ochishni toʻxtatish tartibi toʻliq amalga oshirilishini va jarayon doimiy tinchlikka aylanishini chin dildan umid qilamiz”, dedi. Bu soʻzlari bilan u 8-aprelda AQSH va Eron oʻrtasida erishilgan 14 kunlik sulhga hamda Islomoboddagi birinchi bosqich natijasiz yakunlangach, Pokistonning Vashington-Tehron soʻzlashuvlarini qayta tiklash harakatlariga ishora qildi.
Dunyo har kuni bir-birini qoʻzgʻatuvchi koʻp qirrali tahdidlarga duch kelayotganini eslatgan Fidan, “noaniqlik va inqiroz endi davrimizning belgilovchi xususiyatlariga aylandi”, deya taʼkidladi. Oʻtgan yilgi mavzu Gʻazo-da davom etayotgan qirgʻin va uning jahon miqyosidagi oqibatlariga qaratilgan boʻlsa, Fidan bu yilgi mavzu Erondagi urush va uning dunyoga taʼsiri ekanini aytdi.
Trump AQSH-Eron kelishuviga yaqin qolganini aytmoqda
AFP axborot agentligiga gapirgan pokistonlik diplomatik manbaning xabar berishicha, muzokaralar juma kuni kechqurun boʻlib oʻtgan. Pokiston oʻtgan dam olish kunlari Eron va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasida oʻtkazilgan va natijasiz yakunlangan muzokaralardan soʻng mintaqaviy vositachi sifatida oʻz oʻrnini mustahkamlashga urinmoqda.
Oq uy Eron bilan oʻtkaziladigan navbatdagi soʻzlashuvlar katta ehtimol bilan Islomobodda boʻlishini va oldingi bosqichda AQSH hayʼatiga J. D. Vens boshchilik qilganini bildirdi.
AQSH Prezidenti Donald Trump AFPga bergan intervyusida Eron bilan tinchlik shartnomasi tuzish yoʻlida “hech qanday toʻsiq” qolmaganini va kelishuv “juda yaqin” ekanini aytdi. Trump qisqa telefon muloqoti chogʻida: “Biz kelishuvga juda yaqinmiz”, dedi. Qaysi hal etilmagan masalalar qolgani haqidagi savolga esa Trump: “Toʻsiq boʻladigan nuqta yoʻq”, deb javob berdi.















