DUNYO
3 daqiqa o'qish
Rossiya - Ukraina urushini tugatish masalasi Abu - Dabida muhokama qilinadi
Rossiya - Ukraina urushini tugatish masalasi Abu - Dabida ikki kun davomida muhokama qilinadi.
Rossiya - Ukraina urushini tugatish masalasi Abu - Dabida muhokama qilinadi
_
10 соат олдин

Ukraina, Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari nomidan ishtirok etuvchi muzokarachilar to‘rt yildan beri davom etayotgan urushni qanday yakunlash masalasidagi murakkab vaziyat ustidan chorshanba kuni Abu - Dabida uchrashadi.

Tomonlar o‘rtasida avval o‘tkazilgan diplomatik muzokara bosqichlarida 2022 - yilning fevral oyida boshlangan va Ikkinchi Jahon urushidan beri Yevropadagi eng qonli to‘qnashuv sifatida qayd etilgan ushbu urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishilmadi.

Muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Rossiya tomonidan uyushtirilgan keng ko‘lamli dron va raketa hujumlari Ukrainaning energetika tarmoqlarini nishonga olib, keskin sovuq sharoitda elektr va isitish tizimlarini ishdan chiqardi. Bu holat BAA poytaxtida bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda yangi qadamlarga monelik qilishi mumkin.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy seshanba kuni mavzu haqida:
“Rossiyaning har bir hujumi Moskvadagi pozitsiya o‘zgarmaganini tasdiqlaydi: ular urushga va Ukrainani yo‘q qilishga sarmoya kiritishda davom etmoqda va diplomatiyani jiddiy ravishda qabul qilmayapdi. Muzokara guruhimizning ishi shunga mos ravishda yo‘lga qo‘yiladi”, - dedi.

Asosiy boshi berk ko‘cha esa Ukrainaning sharqidagi hududlarning uzoq muddatli taqdiri masalasidir.

Moskva har qanday kelishuvning sharti sifatida Kiyevdan tabiiy resurslarga boy, kuchli mustahkamlangan shaharlarni ham o‘z ichiga olgan Donbassning keng hududlaridan qo‘shinlarni olib chiqishni talab qilmoqda. Shuningdek, hujumlar davomida egallangan yerlar Rossiyaga tegishli ekanini xalqaro maydon tan olishi kerakligini qayd etmoqda.

Kiyev esa mojaroni amaldagi front chizig‘i bo‘ylab “muzlatish” kerakligini ta’kidlab, bir tomonlama chekinishni rad etib kelmoqda.

Chorshanbadan payshanbagacha davom etishi rejalashtirilgan muzokaralar o‘tgan hafta oxirida bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq Kreml “uch tomon o‘rtasidagi jadval nomuvofiqligi” sababli ularni kechiktirdi.

“Eng yomoniga tayyorlaning”

Ukraina delegatsiyasiga Xavfsizlik kengashi raisi Rustem Umerov rahbarlik qiladi. U hamkasblari tomonidan diplomatik “mo‘jizalar yarata oladigan” mohir muzokarachi sifatida e’tirof etilgan.

Rossiyaning bosh muzokarachisi esa harbiy razvedka rahbari Igor Kostyukov bo‘ladi. U Ukraina urushidagi roli sabab G‘arb tomonidan sanksiyalarga tortilgan, tajribali harbiy -dengiz zobiti hisoblanadi.

O‘tgan oy Abu - Dabida bo‘lib o‘tgan avvalgi muzokaralar bosqichida AQSh delegatsiyasiga Donald Tramp tomonidan tez - tez topshiriqlar beriladigan elchi Steve Vitkoff rahbarlik qilgan edi.

Ukraina hududining qariyb 20 foizini egallab olgan Rossiya, agar muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugasa, Donetsk viloyatining qolgan qismini ham egallab olish bilan tahdid qildi.

Ukraina hududiy yo‘qotishlar Moskvani yanada jur’atlantirishidan ogohlantirib, Rossiyaning qayta bosqinini to‘xtata olmaydigan hech qanday kelishuvni imzolamasligini bildirdi.

Kiyev hozircha Donetsk viloyatining taxminan beshdan bir qismini o‘z nazorati ostida ushlab turibdi.

AFP tahliliga ko‘ra Rossiyaning hozirgi hujum sur’ati bilan Moskva qo‘shinlarining butun hududni egallab olishi uchun yana qariyb 18 oy kerak bo‘ladi. Biroq Ukraina nazoratidagi hududlar orasida kuchli mustahkamlangan yirik shahar markazlari ham mavjud.

Rossiya, shuningdek, Luhansk, Xerson va Zaporijjya viloyatlari o‘ziga tegishli ekanini da’vo qilmoqda va sharqda kamida yana uchta Ukraina viloyatida alohida front ko‘rinishidagi hududlarni nazorat qilmoqda.

Jamoatchilik yo‘qlashlariga ko‘ra Ukrainada aholining aksariyati Moskva foydasiga hudud berib, evaziga tinchlikka erishishni ko‘zda tutuvchi kelishuvga qarshi ekanini ko‘rsatmoqda.

Maydonda esa Rossiya katta insoniy yo‘qotishlar evaziga bo‘lsa-da oldinga siljishda davom etmoqda. Uning maqsadi — resurslari holdan toygan Kiyev armiyasini vaqt va o‘q-dori qudrati jihatidan ortda qoldirish.

Zelenskiy G‘arbdagi ittifoqchilarini qurol-yarog‘ yetkazib berishni oshirishga hamda Kremlga nisbatan iqtisodiy va siyosiy bosimni kuchaytirishga undamoqda.

Bu yil Rossiyaning keng ko‘lamli hujumlari Kiyevning energetika tarmog‘iga jiddiy ziyon yetkazgach, Ukraina poytaxtida yuz minglab inson isitish va elektrsiz qoldi.

O‘tgan oy Abu - Dabida AQSh vositachiligida o‘tkazilgan muzokaralarning birinchi bosqichidan so‘ng ukrainaliklar Moskva bilan biror kelishuvga erishish mumkinligiga shubha bilan qaragan edi.

Kiyevlik aholi vakili Petro AFP’ga shunday dedi: “Menimcha, bularning barchasi jamoatchilik uchun sahnalashtirilgan tomosha. Eng yomoniga tayyorlanib, eng yaxshisiga umid qilishimiz kerak”.