Ukraina Rossiya qo‘shinlari oldinga siljiyotgan front chizig‘idagi Zaporijya va Dnipropetrovsk viloyatlarida minglab bolalar va ularning oilalarini evakuatsiya qilishga qaror qildi.
Ukraina Tiklanish vaziri Oleksiy Kuleba juma kuni Telegram orqali bergan bayonotida: “Xavfsizlik vaziyati og‘irlashgani sababli Zaporijya va Dnipropetrovsk viloyatlaridagi frontga yaqin 44 ta aholi punktidan 3 mingdan ortiq bola va ularning ota-onalarini majburiy evakuatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, dedi.
Kuleba, evakuatsiyalar Moskva ittifoqchisi Belarus bilan chegaradosh bo‘lgan va Rossiya bombardimonlari nishoniga aylanayotgan Chernihiv viloyatida ham davom etayotganini bildirdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 1-iyundan buyon front hududlaridan nisbatan xavfsiz joylarga jami 150 ming kishi evakuatsiya qilingan bo‘lib, ular orasida qariyb 18 ming bola va 5 mingdan ortiq harakatlanish imkoniyati cheklangan shaxslar bor.
Rossiya 2022-yil fevralida boshlagan harbiy amaliyotdan so‘ng Ukrainaning sanoat markazlaridan biri bo‘lgan Dnipropetrovsk viloyatida oldinga siljishni davom ettirmoqda. Janubdagi Zaporijya viloyatida esa Rossiya harakatlari sharqqa nisbatan cheklanganroq bo‘lsa-da, so‘nggi oylarda tezlashdi.
Moskva so‘nggi paytlarda har ikki hududda ham yangi aholi punktlari qo‘lga kiritilganini da’vo qilmoqda. Rossiya 2022-yil sentabr oyida Zaporijya, Donetsk, Lugansk va Herson viloyatlarini anneksiya qilganini e’lon qilgan, biroq bu hududlarning barchasida to‘liq harbiy nazorat o‘rnatganini iddao etmagan edi.










