Bojxona to‘lovlarini yig‘uvchi Amerika hukumat idorasi, Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonun (IEEPA) asosida o‘rnatilgan tariflarni yig‘ishni seshanba kuni tugatishini bildirdi. Ushbu bayonot AQSH Oliy sudi mazkur to‘lovlarni qonunga xilof deb e’lon qilganidan uch kun o‘tib yangradi.
AQSH Bojxona va chegaralarni himoya qilish (CBP) agentligi yuk tashuvchilarga yuborgan xabarida, Prezident Donald Trumpning avvalgi IEEPA buyruqlari bilan bog‘liq barcha tarif kodlarini seshanba kunidan boshlab ishdan chiqarishini ma’lum qildi.
IEEPA asosidagi tarif yig‘ishning to‘xtatilishi, Trumpning juma kuni Oliy sud tomonidan bekor qilingan tariflar o‘rniga boshqa huquqiy vakolatga tayanib, butun dunyo bo‘ylab yangi 15 foizlik tarifni amalga kiritishi bilan bir vaqtda yuz bermoqda.
CBP agentligi Oliy sud qaroridan keyin ham chegaralarda ushbu tariflarni nima sababdan yig‘ishda davom etganiga izoh bermadi. Shuningdek, xabarda import qiluvchilar uchun mablag‘larni qaytarish imkoniyatlari haqida ma’lumot keltirilmagan.
Bildirishnomada ta’kidlanishicha, yig‘imlarning to‘xtatilishi Trump tomonidan joriy etilgan boshqa tariflarga, jumladan, 232-modda (milliy xavfsizlik bandi) va 301-modda (adolatsiz savdo amaliyotlari bandi) doirasidagi to‘lovlarga daxl qilmaydi. Agentlik zarurat tug‘ilganda savdo hamjamiyatiga qo‘shimcha ko‘rsatmalar berilishini qayd etdi.
Juma kungi xabarlarga ko‘ra, Penn-Wharton byudjet modeli iqtisodchilari Oliy sud qarori tufayli IEEPA tariflaridan tushgan 175 milliard dollardan ortiq mablag‘ qaytarilishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, IEEPA asosidagi tariflar davlat xazinasiga kuniga 500 million dollardan ortiq daromad keltirayotgan edi.
















