Xitoy bilan Qatar Tashqi Ishlar vazirlari Yaqin Sharqdagi kuchayib borayotgan keskinlikni muhokama qilib, deyarli yopilish darajasiga kelgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida xalqaro kemalar qatnovi xavfsizligi va erkinligini ta’minlash zarurligini ta’kidladilar.
Davlat tomonidan qo‘llab - quvvatlangan Qatar axborot agentligi xabariga ko‘ra Qatar Bosh vaziri - Tashqi Ishlar vaziri Muhammad bin Abdurrahmon al - Soniy seshanba kuni Pekinda xitoylik hamkasbi Van I bilan uchrashdi. Uchrashuvda mintaqadagi so‘nggi voqealar, keskinlikni yumshatish, shuningdek, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan diplomatik sa’y - harakatlar muhokama qilindi.
Vazirlar, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik hamda turli sohalardagi aloqalarni qo‘llab - quvvatlash va mustahkamlash yo‘llarini muhokama qildilar.
Qatar Bosh vaziri Doha dengiz qatnovi erkinligini kafolatlaydigan yechim topishga qaratilgan diplomatik sa’y - harakatlarni «to‘liq» qo‘llab - quvvatlashini yana bir bor ta’kidlab, bu mintaqada barqaror tinchlikka erishishga olib keladigan keng ko‘lamli kelishuvga yo‘l ochishini bildirdi.
Abdurahmon al - Soniy Van I bilan «samarali uchrashuv» o‘tkazganini ifoda etdi.
U, X ijtimoiy tarmoqdagi postida: «O‘zaro manfaatlarimizga xizmat qilish maqsadida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro voqealarni ko‘rib chiqish hamda xalqaro tinchlik va xavfsizlik yo‘lida birgalikda ishlashni intiqlik bilan kutayotganimiz haqida suhbatlashdik» - deb yozdi.
Qatar Pokiston bilan birgalikda, bir necha oydan beri davom etayotgan urushga muzokaralar orqali yechim topish maqsadida tomonlarni muzokara stoliga o‘tqazish uchun Vashington va Tehron o‘rtasida olib borilayotgan vositachilik jarayonida muhim rol o‘ynamoqda.

















