Buyuk Britaniya seshanba kuni ushbu qishda Ukrainaning havo mudofaa imkoniyatlarini, shu jumladan, “Patriot” raketalari bilan mustahkamlash uchun 100 million funt sterling (taxminan 135 million dollar) ajratishini eʼlon qildi.
Mudofaa vazirligi bayonotiga koʻra, Buyuk Britaniya NATO dasturiga qoʻshgan hissasi doirasida “havo mudofaa tutuvchi raketalari (interseptorlar), yirik kalibrli artilleriya snaryadlari va dronlar”ni ham yetkazib berishini bildirdi.
Vazirlik ushbu uskunalar “qish kelishidan oldin yetkazib berilishi va bu Ukrainaga oʻzining muhim milliy infratuzilmasini, begunoh fuqarolarini hamda qurolli kuchlarini Rossiya hujumlaridan himoya qilishda yordam berishi”ni qoʻshimcha qildi.
Ukraina oʻz osmonini Rossiyaning ballistik raketa zarbalaridan himoya qilish uchun asosan AQShning “Patriot” kabi ilgʻor raketa tutuvchi tizimlariga tayanadi.
Biroq fevral oyida Qoʻshma Shtatlar va Isroil Eron bilan urushga kirishganidan keyin harbiy yetkazib berishlar boshqa yoʻnalishlarga qaratilgani sababli, “Patriot” tutuvchi raketalarining tanqisligi yuzaga kelgani haqida xabarlar berilgan edi.
Rossiya-Ukraina qurolli toʻqnashuvi 2022-yil fevralida boshlanganidan buyon Britaniya Ukrainaning eng yirik qoʻllab-quvvatlovchilaridan biri boʻlib kelmoqda.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Barnhem oʻtgan oy Ukrainaga safar qildi — bu uning iyul oyi oxirida lavozimga kirishganidan keyingi ilk xorijiy tashrifi boʻldi.
Britaniya yaqin kunlarda uzoq masofali SCALP raketasi butlovchi qismlariga oid maʼlumotlarni Ukrainaga taqdim etishga rozi boʻldi. SCALP — Buyuk Britaniyaning “Storm Shadow” raketasining Fransiyada ishlab chiqarilgan versiyasi boʻlib, ushbu maʼlumotlar Ukrainaga mahalliy yigʻuv liniyalarini tashkil etish imkonini beradi.
Britaniyaning yangi mudofaa vaziri Ves Striting seshanba kuni Ukrainaga harbiy jihozlar yetkazib berayotgan 50 ta davlatdan iborat Ukraina mudofaa masalalari boʻyicha aloqa guruhi (Ramshtayn formati)ning oʻzi ishtirok etadigan ilk yigʻilishida hamraislik qiladi.
“Bosh vazir va men Kiyevga qilgan ilk tashriflarimiz davomida ushbu qishda qoʻllab-quvvatlash qanchalik muhimligini aniq eshitdik. Chunki Putin qish faslini qurol sifatida ishlatishga tayyorlanib, tinch aholi va energetika obyektlariga qarshi vahshiyona hujumlarini davom ettirmoqda”, dedi Ves Striting.
















