TURKIYA
3 daqiqa o'qish
Hakan Fidan: Isroil o‘zining yomonlashgan imijini tiklash uchun yangi dushman izlamoqda
Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Isroilning Yaqin Sharqdagi siyosatini baholadi.
Hakan Fidan: Isroil o‘zining yomonlashgan imijini tiklash uchun yangi dushman izlamoqda
Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan (ARXIV)

Xususiy telekanallardan biriga bergan intervyusida Hakan Fidan dunyo bo‘ylab universitet kampuslaridan tortib ommaviy axborot vositalarigacha Isroilga nisbatan salbiy munosabat kuchayib borayotganini ta’kidladi.

Fidan shunday dedi:

“Ular ochiqchasiga qatliom qilmoqda. Ochiqchasiga hamma joyda beqarorlashtiruvchi rol o‘ynamoqda. Ilgari bunday harakatlarini bir-ikki oddiy media usuli bilan yashira olardi. Endi esa buni yashira olmayapti.”

Fidanning aytishicha, Tel-Aviv ma’muriyati yomonlashgan xalqaro imijini tiklash maqsadida o‘ziga yangi dushman izlamoqda.

“Isroil yoki boshqa har qanday tomon bizning milliy va mintaqaviy manfaatlarimizga zid harakat qilsa, biz hech kimdan qo‘rqmaymiz, ortga chekinmaymiz. Bunda biz uchun muammo yo‘q. Kurash biz uchun muammo emas. Asosiy muammo shundaki, Isroil nafaqat mening, balki butun dunyoning muammosiga aylangan”, — dedi u.

Hakan Fidan Isroil endi nafaqat Turkiya, balki butun xalqaro hamjamiyat uchun umumiy muammo ekanini ta’kidlab, so‘zlarini davom ettirdi:

“Bu odamlar insoniyat ko‘tara olmaydigan yukka aylandi. Ularning siyosati va dunyoqarashini insoniyat endi ko‘tara olmaydi. Insoniyat vijdoni ham, siyosiy tizimlar ham, iqtisodiy tizimlar ham bunga dosh bera olmaydi. Qaysi nuqtai nazardan qarasangiz ham, ularni oqlaydigan biror mezon qolmagan. Shu sababli xalqaro hamjamiyat bizdan so‘raganida doimo shuni aytamiz: nega bu muammoni faqat mening muammomga aylantiryapsiz? Men bunga baland ovoz bilan qarshi chiqayotgan yagona davlat bo‘lishim mumkin, ammo bu sizlarning ham muammoingiz. Agar bu muammoni yolg‘iz o‘zim hal qilishimni istasangiz, unda hamma mas’uliyatni bo‘lishishi, diplomatik pozitsiyasini aniq belgilashi va ularga nisbatan zarur sanksiyalarni joriy etishi kerak.”

Shu doirada Turkiya Isroil bilan qariyb 10 milliard dollarlik savdo hajmini to‘xtatish qarorini qabul qilganini eslatgan Fidan, bu qadam Isroil iqtisodiyotini izdan chiqarishdan ko‘ra kuchli siyosiy signal berishga qaratilganini ta’kidladi.

Vazir, shuningdek, Yevropa davlatlari tarixda ilk bor Isroilga qurol sotishga cheklovlar joriy etayotganiga e’tibor qaratib, shunday dedi:

“Bu tarixda birinchi marta sodir bo‘lmoqda. Yahudiylar genotsidi tufayli Isroil uzoq yillar davomida Yevropaning vijdonida alohida o‘rin egallab kelgan va bundan oxirigacha foydalandi. Shu sababli Isroilga nisbatan cheksiz bag‘rikenglik mavjud edi. Endi esa bu bag‘rikenglik yo‘qolayotganini ko‘ryapmiz. Isroildagi radikal siyosatchilarga, ayniqsa G‘arbiy Sohildagi siyosati sababli sayohat taqiqlari qo‘yilmoqda, hibsga olish qarorlari chiqarilmoqda. Xalqaro jinoyat sudi Netanyaxu va uning hamkorlariga nisbatan hibsga olish orderi berdi. Demak, xalqaro hamjamiyat qo‘lidan kelgan choralarni bosqichma-bosqich ko‘rmoqda.”

Hakan Fidan Yevropa Ittifoqi doirasida ham Isroilga nisbatan yanada qat’iy siyosat yuritish masalasi yuzasidan qizg‘in bahslar davom etayotganini aytib, so‘zlarini quyidagicha yakunladi:

“Men bundan keyin ularning ishlari avvalgidek oson bo‘lishiga ishonmayman. Endi ular bu yo‘lni avvalgidek davom ettira olmaydi. Ular o‘z imkoniyatlarining oxiriga yetib keldi. Isroil o‘z oyog‘iga o‘zi o‘q uzdi. Buni barchamiz aytyapmiz. Netanyaxu esa o‘z jamiyatiga yetkazishi mumkin bo‘lgan eng katta zararni yetkazdi.”