Istanbul Kongress markazida «Markazsiz dunyo: qoidalar o‘z kuchini yo‘qotganda kim yetakchilik qiladi?» - degan mavzuda 2017 – yildan beri shu bilan 10 - marta uyushtirilgan «TRT World Forum 2026» doirasida «Xalqaro huquq va gumanitar inqiroz kesishgan nuqtada G‘azo» - mavzusida panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Panelning ochilishida Turkiya Milliy Razvedka Tashkiloti (MRT) rahbari Ibrohim Kalin nutq so‘zladi. TRT World telekanali boshlovchisi va bosh prodyuseri Ghida Fakhry moderatorlik qilgan tadbirda Janubiy Afrikaning sobiq xalqaro munosabatlar va hamkorlik vaziri Grace Naledi Mandisa Pandor, Xalqaro inqiroz guruhi rahbari Dr. Comfort Ero, «Chegara bilmas shifokorlar» (MSF) tashkiloti a’zosi Dr. Javid Abdelmoneim hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) sobiq Falastin bo‘yicha gumanitar masalalar koordinatori Lynn Hastings ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi.
Pandorning ta’kidlashicha, Janubiy Afrikaning Xalqaro sudda (UAD) Isroilni sudga berishi G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar oddiy inqiroz yoki urush emasligiga ishonchi komil ekanini namoyon etgan.
U mavzu haqida: «Bu holat haqiqatan ham shafqatsiz hujum, genotsid edi. Biz bu voqealarga o‘z nomini aniq va qat’iy tarzda berilishini istadik» — dedi.
Pandor o‘sha paytda ko‘pchilik suhbatdoshlar «genotsid» atamasini qo‘llash haddan tashqari keskin ekanini ifoda etganiga e’tibor qaratdi. Bugun esa muhim burilish nuqtasiga kelinayotgani, aksariyat dunyo yetakchilari ushbu atamani qo‘llayotgani va haqiqatni tan olayotganini o‘z so‘ziga ilova etdi.
Pandor Xalqaro suddagi jarayon sekin kechayotgani va BMT tizimida tegishli qarorlarni amalda bajarish imkoniyatlari yetarli emasligini qayd etdi.
«Xalqaro huquqning konvensiyalar va shartnomalar asosida shakllangan keng ko‘lamli tizimiga egamiz ammo afsuski, tinchlikni ta’minlash va uni amalda qaror toptirish salohiyatini rivojlantira olmadik» — dedi u.
BMTni tubdan isloh qilish masalasi ko‘tarilganda, kelajakda aynan shu muammoni ham ko‘rib chiqish zarurligi va a’zo davlatlar sifatida shartnoma bilan bitimlarni ratifikatsiya qilganliklari, ularni bajarish majburiyatiga ega ekanliklarini bildirgan Pandor mavzu haqida esa:
«Imzolarimiz qog‘ozdagi hech qanday kuchga ega bo‘lmagan siyoh izlarigagina aylanib qolmasligi kerak. Afsuski, imzolarimiz hech qanday majburiyat yuklamayotgandek harakat qilmoqdamiz, o‘zimiz ishtirokchi bo‘lgan konvensiyalar talablarini bajarmayapmiz» — degan ifodalarga o‘rin berdi.
«Bizga Isroilga qarshi tura oladigan jasur yetakchilar kerak».
Pandor Falastin xalqining og‘ir ahvoli uzoq vaqt davom etayotganiga e’tibor qaratib, quyidagilarni ta’kidladi:
«Janubiy Afrikaning aparteid rejimiga qarshi kurashida eng muhim harakatlantiruvchi kuchlardan biri xalqaro birdamlik ekanini yaxshi bilasiz. Bu butun dunyoning bizni qo‘llab - quvvatlagani edi. Bugungi kunda esa dunyoning yetarlicha yirik qismi falastinliklar tarafida emas. Hozir dunyo yetarlicha jasorat ko‘rsata olmayapti. Xalqaro birdamlikning boykotlar, sanksiyalar va investitsiyalarni qaytarib olish kabi barcha vositalaridan yetarlicha foydalanilmayapti. Aparteidchi Isroilga nisbatan haddan tashqari murosasozlik qilmoqdamiz. Menimcha, bizga Falastin xalqi ozodlikka erishmaguncha ular nomidan aparteidchi Isroilga qarshi tura oladigan jasur yetakchilar kerak».
Janubiy Afrikaning aparteidga qarshi kurashida muhim o‘rin tutgan siyosiy axloq yo‘qolganini ta’kidlagan Pandor, bundan bir necha o‘n yillar avval dunyo qadrlagan qadriyatlar va tamoyillar bugun unutilganini bildirdi.
Dunyodagi eng katta muammo — BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi o‘z kuchidan ezgulik yo‘lida foydalana olmayotgani
Pandor ushbu axloqiy tamoyillarni qayta tiklash zarurligini ta’kidlab, shunday dedi:
«Prezident (Rejep Tayyip) Erdo‘g‘an dunyo beshtadan iborat emasligini aytganida, aslida masalaning eng muhim jihatiga urg‘u bergan edi. Dunyo oldida turgan eng katta muammo — o‘sha besh davlat o‘z qo‘llaridagi ulkan kuchdan butun dunyo manfaatlari yo‘lida foydalana olmayotganidir».
Janubiy Afrika bugun ozod ekani va Falastin ham xuddi shunday ozod bo‘lishiga ishonishini bildirgan Pandor, mintaqa davlatlarini Falastin ozodligini qo‘llab - quvvatlash yo‘lida birgalikda harakat qilishga chaqirdi.
Dr. Ero esa jamiyatlar va davlatlar o‘rtasida bo‘linish kuchayayotgani, bu holat saylovlarda ham namoyon bo‘layotganini qayd etdi. Uning aytishicha, jamiyatlar ko‘z o‘ngida sodir bo‘layotgan voqealarni endi qabul qilmayapti.
U adolatsizlikka rozi bo‘lmaydigan yangi avlod shakllanayotganiga e’tibor qaratgan Ero, bu avlod saylovlar davomida o‘z munosabatini bildiradi hamda bunday jinoyatlar bilan adolatsizliklarga qanday qilib ko‘z yumilayotganini so‘rashiga e’tibor qaratdi.
Ero ushbu jinoyatlarga e’tibor qaratish uchun qaysi davlatlar birdamlikda hamkorlik qilishi muhimligini ta’kidlab, ehtimoliy sanksiyalar o‘z - o‘zidan samarali bo‘lishini kutib bo‘lmasligi, ular keng ko‘lamli choralar paketining bir qismi bo‘lishi zarurligini ifoda etdi.
Hastings esa, BMT gumanitar yordam sohasida hamkor fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan imkon qadar yaqin ishlashda davom etayotganini bildirdi. Shuningdek, BMT gumanitar yordam jarayonlarini ilgari surish uchun ko‘plab mamlakatlarda har kuni muzokaralar olib borayotganini ta’kidladi.
Davlatlar gumanitar yordam xodimlari keyinchalik guvohlik berishidan xavotir olishi mumkin
Hastingsning qayd etishicha, gumanitar yordam yetkazilishiga to‘sqinlik qilayotgan a’zo davlatlarning bunga o‘xshash sabablari bor.
«Hududda gumanitar yordam ko‘rsatayotganingizda, inson huquqlari buzilishi yoki urush jinoyati dalillariga shaxsan guvoh bo‘lishingiz mumkin. Shu sababli hukumatlar bunday ma’lumotlarni to‘plashingizni istamaydi. Menimcha, Falastindagi vaziyatning asosiy farqi — uning davomiyligi va hududga kirish imkoniyatlarining tobora cheklanib borayotganidir. Asosiy maqsadimiz, albatta, vaziyatni yaxshilash bo‘lsa - da, aksincha, hamma narsa tobora yomonlashdi».
Hastings tarix hozirgi yo‘l tinchlikka erishishda samarali emasligini ko‘rsatayotganini ta’kidlab, yangi yondashuv zarurligi va ayni paytda davom etayotgan muzokaralar yetarlicha samarali emasligini qayd etdi.
Dr. Abdelmoneim esa G‘azodagi eng muhim muammolardan biri tinch aholining hayoti butunlay e’tibordan chetda qolayotganidir, dedi. Shuningdek, shifokor sifatida G‘azoda o‘zi guvoh bo‘lgan ayrim hujumlar haqida so‘zlab berdi.
Abdelmoneimning aytishicha, to‘rt nafar mahbusni qutqarish maqsadida chalg‘ituvchi hujum uyushtirilgan savdo majmuasida qariyb 1 000 kishi halok bo‘lgan yoki yaralangan.
G‘azoda tinch aholining hayoti butunlay e’tibordan chetda qolmoqda
O‘zi ishlagan shifoxonada ushbu hujum oqibatida ko‘plab yaradorlar olib kelinganiga guvoh bo‘lgani va hujumlar gumanitar hududda sodir etilganiga esa alohida e’tibor qaratgan Abdelmoneim mavzu haqida esa:
«Shu bois tinch aholining hayotiga bu qadar e’tiborsiz munosabatda bo‘lish — men boshqa hech qayerda ko‘rmagan, haqiqatan ham favqulodda holatdir», — dedi.
Abdelmoneim vaziyatning tizimli tus olganini ikkinchi muhim jihat sifatida qayd etgan holda:
«Sog‘lom hayot kechirish imkoniyati yo‘qqa chiqarilganini ko‘rdik. Genotsidga ishora qiluvchi holat ham aynan shudir», — degan ifodalarga o‘rin berdi.
Aholi asosiy ehtiyojlarini qondirish imkoniyatidan mahrum etilayotganiga to‘xtalgan Abdelmoneim, G‘azo va G‘arbiy Sohilda nafaqat sog‘liqni saqlash tizimlari, balki tibbiyot xodimlari ham nishonga olinayotganini ifoda etdi. Uning ta’kidlashicha, tibbiyot xodimlari qo‘lga olinmoqda, qiynoqqa solinmoqda va o‘ldirilmoqda.
Abdelmoneim hamkasblaridan biri hech qanday ayblovsiz Isroil qamoqxonasida saqlanayotganini ham o‘z so‘ziga ilova etdi.






















