Isroil askarlari ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilning Bayt Lahm shahrida bosqin uyushtirgan jome’ masjidida bomdod namozining o‘qilishiga to‘sqinlik qilgani ma’lum qilindi.
Falastinning WAFA axborot agentligi xabariga ko‘ra Isroil armiyasi Bayt Lahmning sharqida joylashgan Bayt Faluh hududidagi Zayr jome’ masjidiga bostirib kirgan.
Mahalliy aholining bomdod namozini o‘qishiga to‘sqinlik qilgan Isroil askarlari, jamoat vakillarini masjid tashqarisida bir necha soat davomida ushlab turgan.
Isroil armiyasi 18 - iyul kuni ham Bayt Lahmning Husan qishlog‘idagi jome’ masjidlardan birida bomdod azonining aytilishi va namoz o‘qilishiga to‘sqinlik qilgan edi.
O‘shanda Isroil askarlari jome’ masjididan majburan chiqarib yuborgan jamoat vakillariga qarata shovqinli granatalar otgan va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan edi.
Isroil 2023 - yilning oktabr oyida G‘azo sektoriga keng ko‘lamli hujumlarini boshlaganidan beri ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ham falastinliklarga qarshi bosqinlar, hibsga olishlar va qurolli hujumlar keskin ko‘paygan.
Isroil armiyasi bilan Falastin yerlarini egallab olayotgan isroillik ko‘chmanchilar tomonidan birgalikda amalga oshirilayotgan hujumlar oqibatida insonlarning halok bo‘lishi va ommaviy hibsga olishlardan tashqari, falastinliklarni majburan o‘z uy – joyidan ko‘chirish, uy - joylarni buzish, qishloq xo‘jaligi yerlarini vayron qilish hamda noqonuniy aholi punktlarini kengaytirish amaliyotlari ham to‘xtovsiz davom etmoqda.























