Eron davlat televideniyesi (IRIB) mamlakatga tegishli qiruvchi samolyot halokatga uchragani va bortdagi ikki uchuvchidan biri qurbon bo‘lganini ma’lum qildi. IRIB Telegram kanali orqali bergan bayonotida, harbiy samolyot mamlakat g‘arbidagi Hamadon viloyatida tungi o‘quv mashg‘ulotlari paytida qulaganini bildirdi. Bayonotda: "Halokat sabablari o‘rganilmoqda", – deyilgan.
Ushbu voqea AQSH Eron yaqinida yirik harbiy kuchlarini to‘playotgan bir vaqtda yuz berdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning yadroviy bomba ishlab chiqarishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Yaqin Sharqqa harbiy kemalar, qiruvchi samolyotlar va boshqa harbiy texnikalarni joylashtirdi.
Tramp o‘tgan oyda Eronning namoyishchilarga nisbatan qattiq choralarini va yaqinda yadroviy dasturini bahona qilib, harbiy amaliyot o‘tkazish bilan tahdid qilgan edi. Payshanba kuni Tramp Eronning kelishuvga erishish uchun ko‘pi bilan 15 kun vaqti borligini, aks holda AQSH hujum boshlashini aytdi.
Eron esa AQSH harbiy tahdid va hujumlarini amalga oshirsa, Amerika bazalari, inshootlari va aktivlari "qonuniy nishonlar" bo‘lishi haqida ogohlantirdi. Eronning BMTdagi elchisi Amir Said Iravoniy BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish va Xavfsizlik kengashi raisiga yo‘llagan maktubida bir qator bayonotlar berdi.
Maktubda Trampning chorshanba kuni ijtimoiy tarmoqdagi chiqishiga ishora qilingan. Unda Tramp, agar Eron kelishuvdan voz kechsa, AQSH Hind okeanidagi orollar va Britaniya harbiy bazalaridan foydalanishga majbur bo‘lishi mumkinligini aytgan edi.
Iravoniy o‘z maktubida: "AQSH Prezidentining bunday tajovuzkor bayonoti harbiy hujum xavfining haqiqiy belgisidir. Buning oqibatlari mintaqa uchun halokatli bo‘ladi hamda xalqaro tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid soladi", – deb yozgan. Shuningdek, maktubda BMTning eng oliy qaror qabul qiluvchi organi – Xavfsizlik kengashidan "AQSHning noqonuniy kuch ishlatish tahdidlariga zudlik bilan chek qo‘yishini ta’minlash" so‘ralgan.
Tomonlar o‘rtasidagi avvalgi muzokaralar iyun oyida Isroilning Eronga to‘satdan hujum qilishi oqibatida barbod bo‘lgan edi. O‘shanda Vashington Eronning yadroviy inshootlarini bombardimon qilish uchun qisqa muddatga aralashgan va 12 kunlik urush sodir bo‘lgan edi.













