G'AZODA URUSH
2 daqiqa o'qish
Isroil G‘azoda portlovchi qutilar orqali uylarni vayron qilmoqda
Isroilning insonsiz havo transportlari yoki dronlari G‘azoda portlovchi qutilar orqali uylarni vayron qilmoqda.
Isroil G‘azoda portlovchi qutilar orqali uylarni vayron qilmoqda
_

Guvohlar va mahalliy aholi bergan ma’lumotlarga ko‘ra Isroil kuchlari G‘azodagi falastinliklarga tegishli uylarning ustiga yoki yaqiniga portlovchi moddalar joylashtirilgan qutilarni tashlash va keyinchalik ularni uzoqdan yoki masofadan turib portlatish uchun to‘rt parrakli insonsiz havo transportlaridan (dronlardan) foydalanmoqda.

G‘azo aholisi qariyb bir haftadan buyon Isroil harbiy pozitsiyalariga yaqin hududlarda ushbu usul qo‘llanilayotganiga e’tibor qaratmoqda. Guvohlarning aytishicha, uylar va boshqa binolar ustiga bir necha kilogramm portlovchi modda solingan qutilar tashlanmoqda. Video tasvirlarda ham dronlarning ushbu qutilarni binolar tomiga tashlayotgani aks etgan.

Natijada yuzaga kelgan portlashlar binolarni vayron qilmoqda va mol - mulkka jiddiy ziyon yetkazmoqda.

Xabar qilinishicha, bunday hujumlar G‘azo shahrining sharqidagi Zaytun va Tuffoh mahallalarida, shuningdek, G‘azo markazidagi Dayr al - Balah shahrining sharqiy qismida hamda Burayj qochqinlar lagerida sodir etilgan.

Mahalliy manbalarning xabar berishicha uylarining navbatdagi nishonga aylanishidan xavotirga tushgan o‘nlab falastinlik juma kuni Zaytun mahallasini tark etgan.

G‘azo bo‘ylab vayronagarchiliklar davom etmoqda

Dushanba kuni ham vayronagarchiliklar davom etgan. Manbalarning bildirishicha, Solohiddin ko‘chasi bo‘ylab Vodi G‘azo ko‘prigi yaqinida, shuningdek, Burayj va Nusayrat qochqinlar lagerlarining shimoliy qismida dronlar portlovchi moddalar solingan qutilarni tashlagan.

Kamida yettita hujum sodir etilgani, ular kuchli portlashlar va keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgani xabar qilindi.

Bundan tashqari, Isroil kuchlari armiya nazoratidagi hududlar yaqinida joylashgan binolar orasiga portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan eski harbiy transport vositalarini yuborgan. Buning oqibatida yuz bergan portlashlar butun boshli turar joy majmualarini vayron qilgan.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra dushanba holatiga qadar Isroil tomonidan sulh bitimi buzilishi oqibatida 1 ming 650 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 5 ming 975 kishi esa jarohatlangan.

2023 - yilning oktabr oyidan buyon Isroilning G‘azoga qarshi olib borayotgan genotsid xarakteridagi urushi oqibatida, aksariyati ayollar va bolalar bo‘lgan 74 000 nafardan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 176 000 nafardan ortig‘i esa jarohatlandi.

Urush, shuningdek, G‘azo infratuzilmasining qariyb 90 foizini vayron qildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti qayta tiklash xarajatlarini taxminan 71,4 milliard dollarga baholamoqda.

Urush tufayli uy - joylarini tark etishga majbur bo‘lgan falastinliklar uchun vayronagarchiliklarning davom etishi, ular qaytib borishi mumkin bo‘lgan uylarining ham yo‘q bo‘lib ketish xavfini tug‘dirmoqda.