Turkiya Respublikasining asoschisi Mustafa Kamol Ataturk dushanba kuni, vafotining 87-yilligida poytaxt Anqaradagi Anıtkabir maqbarasida o‘tkazilgan rasmiy marosimda yodga olindi.
Tantanali marosimda Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, parlament raisi Numan Kurtulmush, hukumat a’zolari, siyosiy partiya yetakchilari, oliy sud vakillari va harbiy qo‘mondonlar ishtirok etdilar.
Erdo‘g‘an Ataturk qabriga Turkiya bayrog‘i shaklida bezatilgan qizil va oq atirgullardan iborat gulchambar qo‘ydi.
Mahalliy vaqt bilan soat 09:05da (GMT 06:05) — Ataturk vafot etgan aniq paytda — ishtirokchilar bir daqiqalik sukut bilan hurmat bajo keltirdilar, so‘ngra “Istiqol marshi” ijro etildi. Marosim davomida Turkiya bayrog‘i yarim ustunga tushirildi.
Keyinchalik Erdo‘g‘an va hamrohlari Misak-ı Milli minorasiga yo‘l oldilar; Erdo‘g‘an Anıtkabir Xotira daftarini imzolab, Ataturk va uning safdoshlarini yodga oldi.
U daftarga shunday yozdi:
“‘Eng buyuk asarim’ degan Turkiya Respublikasini biz muhabbat bilan asrayapmiz, mamlakatimizning har bir qarich yerini yangi yutuqlar bilan bezashda davom etmoqdamiz.”
Erdo‘g‘an, shuningdek, shunday qo‘shimcha qildi:
“Malakali va sadoqatli kadrlar yetakchiligida Turkiya o‘ziga ishongan qadamlar bilan global qudratga aylanish yo‘lida oldinga siljimoqda.”
Ataturk, respublikaning birinchi prezidenti sifatida, 1923-yildan 1938-yil 10-noyabrgacha lavozimda faoliyat yuritgan. U 57 yoshida, siroz kasalligidan Istanbulda vafot etgan.
Har yili 10-noyabrda turk xalqi an’anaviy tarzda Anıtkabirni ziyorat qilib, millat asoschisiga hurmat bajo keltiradi.























