TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya Eurofighter ta'limi uchun uchuvchilarini Britaniyaga yuboradi
Anqara qiruvchi samolyotlar parkiga Eurofighter’ni integratsiya qilish rejasini ilgarilatayotgan bir paytda, turk harbiy xizmatchilari Buyuk Britaniyada Eurofighter Typhoon boʻyicha tayyorgarlikni boshlaydi.
Turkiya Eurofighter ta'limi uchun uchuvchilarini Britaniyaga yuboradi
Turkiya va Buyuk Britaniya mudofaa sanoatida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kengroq ramkaviy bitim ham imzoladi. [Arxiv surati] / َAA

Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, avgust oyida turkiyalik uchuvchi va texniklarning dastlabki guruhi Eurofighter Typhoon qiruvchi samolyotlarini boshqarish hamda ularga xizmat koʻrsatishni oʻrganish uchun Buyuk Britaniyaga joʻnab ketadi.

Ushbu safar Anqara va London oʻrtasidagi logistika hamda texnik kelishuvga muvofiq amalga oshirilmoqda. Kelishuvdan koʻzlangan asosiy maqsad — ushbu samolyotlarni Turkiya Harbiy-havo kuchlari tarkibiga tezroq integratsiya qilishdir.

2025-yilning oktabr oyida Turkiya va Buyuk Britaniya oʻrtasida 20 ta Eurofighter qiruvchi samolyotini xarid qilish boʻyicha 8 milliard funt sterling ($10,7 milliard) qiymatiga ega shartnoma imzolangan edi. Shartnoma Anqarada Turkiya Prezidenti Rajap Tayyip Erdoʻgʻan va Buyuk Britaniyaning oʻsha vaqtdagi Bosh vaziri Keir Starmer oʻrtasidagi uchrashuv davomida tuzilgan.

„Imzolangan bitimga koʻra, parvoz va texnik xizmat koʻrsatish xodimlarini oʻqitish uchun Buyuk Britaniyaga har yili guruhlar yuborilishi davom ettiriladi“, — dedi Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Zeki Akturk haftalik brifingda.

Ikki dvigatelli Typhoon qiruvchi samolyotlari Britaniyaning BAE Systems, Airbus hamda Italiyaning Leonardo kompaniyalaridan tashkil topgan konsorsium tomonidan ishlab chiqariladi.

Avvalroq Airbus Defence and Space kompaniyasi bosh direktori Michael Schoellhorn ushbu bitim ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish hamda yangi texnologiyalar asosida yanada mukammallashtirilgan modellarni yaratishda Turkiya bilan uzoq muddatli hamkorlikka yoʻl ochishi mumkinligini ta'kidlagan edi.

Shuningdek, ikki mamlakat mudofaa va mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qamrovli ramka bitimini ham imzoladi.

Hozirgi kunda Eurofighter Typhoon samolyotlaridan Yevropaning 5 ta davlati — Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Ispaniya va Avstriya, shuningdek, Fors koʻrfazidagi 4 ta mamlakat — Saudiya Arabistoni, Ummon, Quvayt hamda Qatar foydalanib kelmoqda.