Eron Tashqi Ishlar vaziri Abbos Aroqchi Islomobodda rejalashtirilgan muzokaralarning muvaffaqiyatsiz yakunlanishi va kuchaygan mintaqaviy diplomatik faolliklar ortidan Tehron bilan Vashington o‘rtasidagi tinchlik sa’y - harakatlari noaniqlikka yuz tutgan bir vaziyatda Rossiyaga yetib keldi.
Eron davlat axborot agentligi IRNA Telegram orqali: «Aroqchi Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin bilan uchrashish va muzokaralar o‘tkazish maqsadida dushanba kuni (27.04.2026) erta tongda Rossiyaga yetib bordi» - deb yozdi.
Moskvaning TASS axborot agentligi ham Kreml Matbuot xizmati kotibi Dmitriy Peskovga tayanib, Putin, Aroqchi bilan uchrashishni rejalashtirganini avvalroq tasdiqlagan edi.
Aroqchi Pokiston poytaxti Islomobodga qilgan tashrifidan so‘ng Ummon davlatiga ham borgan edi.
Eron tashqi ishlar vaziri shanba kuni (25.04.2026) Ummonga borib, Islomobodga qaytishdan oldin Pokiston Bosh shtab boshlig‘i Asim Munir, Bosh vazir Shohbaz Sharif va Tashqi Ishlar vaziri Ishoq Dar bilan uchrashgan edi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi Aroqchining keyinroq yuqori lavozimli rasmiylar bilan uchrashish uchun Rossiyaga yo‘l olganini ma’lum qildi. Rossiya ham bu tashrifni tasdiqladi.
Fars axborot agentligi muzokara harakatlari davom etayotganining belgisi sifatida Eron Pokiston orqali amerikaliklarga yadro masalalari va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi kabi qizil chiziqlarini bayon qilgan yozma xabarlar yuborganini bildirdi.
Biroq Fars bu xabarlar rasmiy muzokaralarning bir qismi emasligini ta’kidladi.
AQSh bilan Isroilning Eron bilan urushidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi hozircha davom etmoqda ammo urush keltirib chiqargan iqtisodiy zarbalar haligacha butun dunyoga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib, neft, gaz va o‘g‘it oqimini to‘xtatdi. Bu narxlarning keskin oshishiga sabab bo‘ldi va rivojlanayotgan mamlakatlarda oziq - ovqat xavfsizligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi.
Tomonlar o‘rtasida muzokaralar bo‘lishi haqidagi umidlar AQShning maxsus vakillari Stiv Vitkoff va Jared Kushnerning rejalashtirilgan tashrifiga bog‘langan edi biroq Donald Tramp bu tashrifni bekor qildi.
Tramp yakshanba kuni (26.04.2026), AQSh ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida: «Eron muzokara qilishni istasa unda AQShga kelishi yoki bizga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Bu yerda yaxshi va xavfsiz telefon liniyalari bor» - dedi.
OAVning: «Muzokaralarning bekor qilinishi yana urush boshlanadi degan ma’noni anglatadimi?» - degan savoliga: «Yo‘q, bu bunday ma’noni anglatmaydi» - deb javob berdi.
Diplomatiyaga shubha
Aroqchi muzokaralarni davom ettirar ekan, u AQShning diplomatiyaga haqiqatan ham jiddiy yondashayotganini hali ko‘rmaganini qayd etdi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopiq qolishi bilan urushni tugatish bosimi kuchaymoqda. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari energetika bozorlarini izdan chiqargan blokadani bekor qilish niyati yo‘qligini bildirdi.
Qo‘riqchilar o‘zining rasmiy Telegram kanalida: «Ho‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilish va bu harakatning AQSh hamda Oq uyning mintaqadagi tarafdorlari uchun tiyuvchi kuch bo‘lib qolishi — Islomiy Eronning qat’iy strategiyasidir» - dedi.
Bunga javoban AQSh Eron portlariga blokada joriy qildi.
Eron davlat OAVlari tarqatgan bayonotda esa Eron armiyasi AQShning «blokada, qaroqchilik va bosqinchilik» harakatlari davom etgudek bo‘lsa bunga javob berilishi haqida ogohlantirdi.
















