Saudiya Arabistoni Sanoat va konchilik resurslari vaziri Bandar al - Xurayf Turkiya bilan bo‘lgan munosabatlar «strategik» ekanini ta’kidlab, sanoat va konchilik sohalarida kengayib borayotgan hamkorlikka e’tibor qaratdi hamda mintaqa mavjud muammolarga qaramay yanada kuchliroq tarzda oldinga chiqishini qayd etdi.
Sanoat rivoji natija bera boshladi
Bandar al - Xurayf Saudiya Arabistonining sanoat sektoriga yillar davomida kiritgan investitsiyalari, ayniqsa neftdan tashqari eksportda o‘z natijasini bera boshlaganini bildirdi.
«Raqamlar qurilgan narsalar endi natija berayotganini ko‘rsatmoqda», - dedi u.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra Saudiya Arabistonining neftdan tashqari eksporti 2025 - yilda yillik 15 foizga oshib, 166,4 milliard dollarga yetgan.
Konchilik sektori global qiziqish uyg‘otmoqda
Saudiya Arabistoni Sanoat va konchilik resurslari vaziri Bandar al - Xurayf konchilik sektorini Saudiya iqtisodiyotining eng tez o‘zgarayotgan sohalaridan biri sifatida ta’riflab, bu soha cheklangan investitsiyalardan global miqyosda raqobatbardosh modelga aylanganini ifoda etdi.
«Resurslarning o‘zi yetarli emas. Muhimi, bu resurslarni sanoat mahsulotlariga aylantirish imkonini beradigan muhitdir», - dedi u.
Bandar al - Xurayf Istanbulda Anado‘lu agentligiga (AA) bergan intervyusida davom etayotgan keskinliklar mamlakatlarning logistika, ta’minot zanjirlari va sanoat rivojiga yondashuvini qayta shakllantirayotganini bildirdi.
Turkiya bilan hamkorlik kengaymoqda
Saudiyalik vazir Turkiyaning diversifikatsiyalangan sanoat infratuzilmasi Saudiya Arabistonining sanoat strategiyasi doirasida maqsad qilingan sohalar bilan yaqindan mos kelishi va bu hamkorlik uchun keng imkoniyat yaratishini qayd etdi.
«Bugun dunyoda minerallarga ehtiyoj ortib bormoqda. Resurslarni ishlab chiqarish yoki oraliq sanoatlar orqali ta’minotni kafolatlash uchun davlatlar o‘rtasida hamkorlik zarur», - dedi u.
Al - Xurayf so‘nggi davrdagi muammolar mamlakatlarni logistika va transport yechimlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilgani, Saudiya Arabistonini Iordaniya va Suriya orqali Turkiyaga bog‘lash rejalashtirilayotgan temir yo‘l liniyasi mintaqaviy savdo to‘siqlariga potentsial yechim bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
U mavzu haqida shuningdek: «Transport Saudiya eksportining raqobatbardoshligi uchun juda muhim», - dedi.
U savdoni yengillashtirish va xomashyoga kirishni yaxshilashga qaratilgan loyihalar ustuvor bo‘lib qolishini qo‘shimcha qildi.
Bandlik va kelajak ko‘nikmalariga e’tibor
Bandar al - Xurayf iqtisodiy islohotlarning asosiy maqsadi turmush darajasini yaxshilash va fuqarolar uchun ish o‘rinlari yaratish ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, sanoatga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va ushbu sohani yosh avlod uchun yanada jozibador qilish bo‘yicha ishlar olib borilayotganiga alohida e’tibor qaratdi.










