Shimoliy Kipr Turk Respublikasining (ShKTR) Girne shahri qirg‘oqlarida yakshanba kuni yo‘lovchi kemasining ag‘darilib ketishi oqibatida bedarak yo‘qolgan 20 kishini qidirish ishlari davom etmoqda.
Girne qirg‘oqlarida qidiruv ishlari 1 ta samolyot, 5 ta insonsiz havo transporti (IHT), 7 ta vertolyot, 8 ta kema va 9 ta qayiq yordamida olib borilmoqda.
Qidiruv ishlarida turkiyalik SAT maxsus kuchlari komandolari hamda Turk Harbiy - dengiz kuchlarining g‘avvoslar guruhlari ham ishtirok etmoqda.
Mahalliy va milliy imkoniyatlar asosida ishlab chiqilgan, bir kilometrgacha chuqurlikda qidiruv - qutqaruv ishlarini olib borishga qodir TCG Işın kemasi ham Girne qirg‘oqlarida ag‘darilib ketgan kemaning cho‘kkan hududidagi qidiruv ishlariga rahbarlik qilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, TCG Işın 514 metr chuqurlikka cho‘kkan kemaning qoldiqlariga bosimga chidamli kiyim kiygan xodimlar hamda robot suvosti qurilmasini yuboradi.
Girne qirg‘oqlarida ag‘darilib ketgan kema
ShKTRdagi Girne porti bilan Mersindagi Tashucu porti o‘rtasida qatnovchi «Filo Jet» nomli yuqori tezlikdagi yo‘lovchi kemasi yakshanba kuni tush paytida Girne shahridan jo‘nab ketganidan ko‘p o‘tmay, old qismidan suv ola boshlagan.
Kema Girne portiga qaytishga harakat qilayotgan bir paytda ag‘darilib ketgan.
Kemadagi 241 kishi qutqarilgan, 8 kishining jasadi topilgan.
Cho‘kkan kemaning qoldiqlari dengiz sathidan 514 metr chuqurlikda joylashgani ma’lum qilindi.























