Rosneft aksiyalari juma kuni kechqurun 3 foizga pasayib, 4,19 dollargacha tushdi. Bu 2023-yil may oyidan beri eng past ko‘rsatkich bo‘lib, kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasidan 127 milliard rubl yo‘qolganini bildiradi.
Lukoil aksiyalari esa ikki kun ichida 7,2 foizga tushib, 3,66 milliard dollar zarar ko‘rdi. Kompaniyaning asosiy aksiyadori — milliarder Vagit Alekperov 28 foiz ulushiga ega bo‘lib, atigi ikki kun ichida 1 milliard dollardan ortiq yo‘qotgan.
Tahlilchilarning fikricha, Donald Trampning Oq uyga qaytishidan so‘ng joriy etilgan ushbu sanksiyalar Rossiyaning energetika sektorini yanada zaiflashtirishi mumkin.
“Eksport hajmi qisqarishi, logistika yo‘nalishlari qayta tuzilayotgani sababli Rossiya neftiga chegirmalar kengayishi ehtimoli bor,” — dedi Astra Asset Management investitsiya direktori Dmitriy Polevoy, deb xabar beradi The Moscow Times.
Alfa Bank tahlilchilari ham Rosneft va Lukoilning xorijiy hamkorlari ikkilamchi sanksiyalardan qo‘rqib kamayishi mumkinligini, bu esa Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari kabi asosiy bozorlar uchun yetkazib berishni buzishi mumkinligini ta’kidlashdi.
Rosneftning foydasi 2025-yilning birinchi yarmida uch baravar, Lukoilniki esa yarmiga kamaygan — bu esa yangi sanksiyalar joriy etilishidan avval ham moliyaviy pasayish belgilari kuzatilganini ko‘rsatadi.
Alor Broker tahlilchilari kelajakdagi bozor ta’siri AQShning Rossiya neft oqimlarini xizmat ko‘rsatuvchi banklarni nishonga olishiga bog‘liq bo‘lishini aytdi.
“Chet el banklari Rossiya kompaniyalariga to‘lovlarni rasmiy ravishda amalga oshirmasligi mumkin, chunki neft odatda treyderlar orqali sotiladi,” — deya izoh berdi kompaniya.
Rosneft va Lukoil aksiyalari juma kuni Moskva birjasidagi “ko‘k chipli” aksiyalar orasida eng katta pasayishni qayd etdi.
Rossiyaning AQShdagi iqtisodiy vakili
Bu orada Rossiyaning yuqori darajadagi iqtisodiy muzokarachisi Kirill Dmitriyev juma kuni AQShga tashrif buyurganini bildirdi. Tashrif ikki kun avval Vashington tomonidan Rossiyaning yirik neft kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy etilganidan keyin amalga oshirildi.
Tashrif AQShning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga nisbatan bosimi kuchaygan, uning esa to‘rt yillik Ukraina urushi bo‘yicha sulhga kelishdan bosh tortayotgani bir paytga to‘g‘ri keldi.
Hafta boshida AQSh prezidenti Donald Tramp Budapeshtda Putin bilan rejalashtirilgan muzokarani bekor qilib, “behuda uchrashuvni xohlamasligini” bildirgan edi.
“AQSh-Rossiya muloqotini davom ettirish uchun AQShga yetib keldim. Tashrif AQSh tomonidan taklif asosida oldindan rejalashtirilgan edi,” — dedi Dmitriyev X (sobiq Twitter) orqali.
U Rossiya axborot agentliklariga bergan bayonotida, Tramp ma’muriyati vakillari bilan uchrashuvlarda Rossiyaning Ukraina mojarosiga doir pozitsiyasini yetkazishini aytdi.
“Afsuski, Ukraina zarur bo‘lgan muloqotni buzmoqda. Bu esa britaniyaliklar va yevropaliklarning bosimi ostida amalga oshirilmoqda — ular mojaroni davom ettirishni istaydi,” — dedi u TASS agentligiga.
So‘nggi sanksiyalar haqida izoh berar ekan, Goldman Sachs sobiq bankiri va Stenford bitiruvchisi Dmitriyev, bu choralar “oddiy amerikaliklar uchun benzin narxini oshirib, oxir-oqibat AQShga qarshi qaytadi”, dedi.
“Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlik imkoniyati hali ham mavjud, biroq bu faqat Rossiyaning manfaatlariga hurmat qilinsa, amalga oshadi,” — deya yakunladi u.


















